22:43 / 16.01.2020
0
10142

Ilk bor beshta global xavfning barchasi ekologiya bilan bog‘landi

Ilk bor keyingi 10 yillik uchun beshta asosiy global xavfning barchasi ekologik omillar bilan bog‘landi. Bu haqda Butunjahon iqtisodiy forumining «Global xavflar» hisobotida aytilgan. Hisobot Marsh & McLennan va Zurich Insurance Group kompaniyalarining hamkorligida tuzilgan.    

Keyingi 10 yillikda yuz berishi mumkinligi bo‘yicha xavf-xatarlar beshtaligiga ob-havo bilan bog‘liq falokatlar (toshqinlar, dovullar), iqlim oqibatlarini yumshata olmaslik va ularga moslasha olmaslik, yirik tabiiy ofatlar (zilzila, sunami), biologik turfalikning sezilarli qisqarishi va ekotizimlar barbod bo‘lishi, texnogen ekologik zararlar va falokatlar kirgan.

Taqqoslash uchun: 2010 yilda shunday reytingda 1-o‘rinni aktivlar narxining keskin pasayishi, 2011 yilda bo‘ronlar va siklonlar, 2012-2014 yillarda daromadlarning turfaligi, 2015 yilda xalqaro ixtiloflar, 2016 yilda noiloj migratsiya, 2017 yildan boshlab esa ob-havo bilan bog‘liq xatarlar egallab kelmoqda.

Keyingi 10 yillikda ta'sir darajasi bo‘yicha xavf-xatarlar beshtaligiga iqlim oqibatlarini yumshata olmaslik va ularga moslasha olmaslik, ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanishi, biologik turfalikning sezilarli qisqarishi va ekotizimlar barbod bo‘lishi, ob-havo bilan bog‘liq falokatlar va suv zaxiralari taqchilligi kirgan.

2015 yilgacha bu reytingda 1-o‘rinni aktivlarning qadrsizlanishi, soliq inqirozi kabi iqtisodiy xatarlar, 2015-2016 yillarda suv zaxiralari yetishmasligi va iqlim o‘zgarishlariga kuchsiz munosabat, 2017-2019 yillarda esa ommaviy qirg‘in qurollarining qo‘llanishi xavfi egallagan.

Tadqiqot 750 dan ko‘proq xalqaro mutaxassis va mas'ul shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga qurilgan. Ulardan yuz berishi ehtimoli va ta'sir darajasi bo‘yicha asosiy xavflarni pog‘onalash so‘ralgan.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top