20:10 / 16.01.2020
0
4599

O‘zbekistonda 2020 yilda YaIM o‘sish sur'atini 5,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan - Budjetnoma

Joriy yildan O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti qonun ko‘rinishida qabul qilina boshlandi. Parlamentga taqdim etiladigan Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasida va Budjetnomada aholi hamda tashqi hamkorlarga mamlakat budjetining holati ochiq-oydin, xalqaro standartlarga muvofiq tarzda ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan 2020 yilgi Budjetnomada 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari sanab o‘tilgan.

2017–2021 yillar uchun qabul qilingan Harakatlar strategiyasidan, shu bilan birga amalga oshirilayotgan davlat dasturlari va qabul qilingan hukumat qarorlaridan kelib chiqqan holda 2020-2022 yillarda quyidagilar iqtisodiy siyosatning ustuvor vazifalari bo‘lib qoladi:

  • makroiqtisodiy barqarorlik va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash;
  • xalq iste'moli tovarlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish, kredit siyosatini qayta ko‘rib chiqish, budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish orqali inflatsiya darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish;
  • real sektor tarmoqlarining jadal o‘sishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta'minlaydigan qulay biznes muhitini yaratish;
  • mamlakat eksport hajmlarini oshirishga qaratilgan keskin choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • investitsiya muhitini yanada yaxshilash, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish;
  • davlat mulkini xususiylashtirishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini soddalashtirish;
  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha faol siyosat olib borish.

Ustuvor vazifalarni amalga oshirishni hisobga olgan holda, 2020 yilda YaIM o‘sish sur'atini 5,5 foizga yetkazish va uning ijobiy dinamikasini keyingi yillarda ham saqlab qolish prognoz qilinmoqda (2021 yilda — 5,8 foiz, 2022 yilda — 6,2 foiz).

2020 yilda YaIM o‘sishining asosiy omillari quyidagilar hisoblanadi:

  • sanoat ishlab chiqarish hajmini – 6,5 foizga;
  • qurilishni – 9,3 foizga;
  • qishloq xo‘jaligini – 4,0 foizga;
  • xizmatlarni – 5,7 foizga;
  • chakana tovar aylanmasini – 5,6 foizga;
  • asosiy kapitalga qilingan investitsiyalarni – 10,0 foizga;
  • tovarlar va xizmatlar eksportini – 8,0 foizga, importini – 8,0 foizga oshirish.
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top