11:38 / 16.01.2020
5
14009

Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risidagi qonunni o‘zgartirishdan murod nima?

Ijtimoiy tarmoqlarning bugungi eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzusi hech shubha yo‘qki, bu O‘zbekiston Respublikasining «Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgarish kiritish to‘g‘risidagi loyiha bo‘lmoqda.

Ushbu muhokamalarda aytilayotgan fikrlar va o‘zim guvohi bo‘lgan voqea-hodisalarni jamlab, mazkur qonun loyihasi, umuman, Savdo-sanoat palatasi faoliyatiga doir xulosalarim bilan bo‘lishishga qaror qildim.

Savdo-sanoat palatasi nima o‘zi?

Palataning rasmiy saytidagi ma'lumotga ko‘ra, u quyidagi maqsadlarda tuzilgan:

  • Tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni ta'minlash;
  • Biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa organlar va tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish;
  • Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish;
  • Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama ko‘maklashish;
  • Tadbirkorlik sub'yektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini barcha choralar bilan qo‘llab-quvvatlash.

Endi ayting-chi, so‘nggi marta savdo-sanoat palatasi biror tadbirkorlik sub'yektiga ko‘maklashganini qayerda eshitgansiz?

Masalan, ushbu maqolada qonun talabi va ustav maqsadlariga ko‘ra asosiy vazifasi tadbirkorlikni, eng avvalo kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘lgan palata, tijorat bankining manfaatini ko‘zlab, andijonlik bir tadbirkor muqarrar yo‘qlik sari yuz tutishiga sababchi bo‘lgani hikoya qilingan.

Ayrim hollarda, amaliyotda SSP kredit mojarolarida tijorat banklarining manfaatlarini ko‘zlab sudga da'vo ariza kiritadi va boshqa bir sub'yektlarning xonavayron bo‘lishida bosh-qosh bo‘ladi. Tadbirkorning himoyachisi ekan, uning faoliyatini izdan chiqarishga emas, balki shu muammodan chiqib ketishiga yordam berishi kerak emasmi aslida?

Tadbirkorlar qancha pul to‘lashadi?

O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi ustavining 5.5-bandiga ko‘ra, a'zolikka qabul qilinadigan xo‘jalik sub'yektlarining yillik a'zolik badallari Palata va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari o‘rtacida shartnoma asosida belgilanadi, lekin quyidagi miqdordan kam bo‘lmasligi lozim:

  1. yuridik shaxs maqomini olmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxslar — eng kam oylik ish haqining 1,5 baravari miqdorida;
  2. mikrofirmalar — eng kam oylik ish haqining 6 baravari miqdorida;
  3. kichik korxonalar — eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida;
  4. chet el kompaniyalarining vakolatxonalari — eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida.

Ustav talablariga ko‘ra majburiy a'zolikka qabul qilinadigan sub'yektlarining yillik a'zolik badallari ularning asosiy faoliyatdan kelib chiqqan holda quyidagicha qat'iy miqdorlarda belgilanadi:

  • qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi faoliyati – eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida;
  • sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati – eng kam oylik ish haqining 70 baravari miqdorida;
  • qurilish faoliyati – eng kam oylik ish haqining 60 baravari miqdorida;
  • ulgurji va chakana savdo faoliyati – eng kam oylik ish haqining 60 baravari miqdorida;
  • tashish va saqlash faoliyati – eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida;
  • yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar faoliyati – eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida;
  • axborot va aloqa xizmati faoliyati – eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida;
  • sog‘likni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish faoliyati – eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida;
  • yuqoridagilardan boshqa faoliyatlar – eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida;
  • yirik soliq to‘lovchilar toifasiga o‘tkazilgan korxonalar – eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida;
  • davlat ulushi bo‘lgan banklar – eng kam oylik ish haqining 2000 baravari miqdorida;
  • boshqa tijorat banklari – eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida;
  • davlat ulushi bo‘lgan sug‘urta kompaniyalari – eng kam oylik ish haqining 200 baravari miqdorida;
  • boshqa sug‘urta kompaniyalari – eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida.

(muallif: eng kam oylik ish haqi deyilganda bazaviy hisoblash miqdori nazarda tutilgan bo‘lsa kerak, lekin men o‘qigan ustavda aynan shunday yozilgan edi)

Tadbirkor uchun qanday foydasi bor?

Tadbirkor sudga Savdo-sanoat palatasi orqali da'vo arizasi kiritganda davlat bojidan ozod qilinadi. Tadbirkorlar palatadan ko‘radigan bitta-yu bitta moddiy manfaat shu.

Palataning shtat birliklari tadbirkorlarning umumiy sonidan bir necha o‘n ming marta kamroqdir. Shtatini 10 karra oshirgan taqdirda ham ularning mehnat resurslari Qonunning 5-moddasida belgilab berilgan vazifalarini to‘la bajarishga ozlik qilsa ajab emas.

Masalan, bir kichik tumanning o‘zida minglab tadbirkorlik sub'yektlari bor. SSPning Markaziy apparatida umumiy xodimlar soni 107 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarida 19 nafardan 22 nafargacha, tuman (shahar) tashkilotlarida bir nafardan 3 nafargacha xodim ishlaydi, xolos. Ular tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilishga ulguradimi? Va umuman shu tizimdagi kadrlarning salohiyati tadbirkorlarni himoyasini ta'minlay oladigan darajadami? Alohida hokimiyat vakili bo‘lgan sudyalarki mahalliy ijro hokimiyati ta'siri ostidan chiqib keta olmayotgan bir paytda, nodavlat-notijorat maqomidagi bu tashkilotning tadbirkor manfaatlarini ko‘zlovchi talabi qanchalik kuchga ega bo‘larkin?

U barmog‘imni tishlasam ham og‘riydi, bunisini ham

Eng mantiqsiz tomoni, aytaylik «Shovot» MChJ «Gurlan» MChJning ustidan Savdo-sanoat palatasiga murojaat qildi. Tabiiyki, ikkala tadbirkorlik sub'yekti ham palata a'zosi. Shu holatda nima bo‘ladi: palata qay bir tadbirkor manfaatlarini himoya qiladi? Mantiq yo‘qolib qolmayaptimi?

Xorijda bu borada ahvol qanday?

Boshqa rivojlangan davlatlarni qo‘ya turaylik, Rossiyada ham bunday palataga a'zolik ixtiyoriylikka asoslangan.

Xususan, biz qonunlaridan andoza oladigan Rossiya Federatsiyasining «Rossiya Federatsiyasi Savdo-sanoat palatalari to‘g‘risida»gi Federal qonuni 7-moddasida munitsipal tashkilotlardan tashqari barcha tadbirkorlar palataga ixtiyoriy a'zo bo‘lishlari belgilangan.

Qo‘shni Tojikistonda ham tadbirkorlarning palataga a'zoligi majburiy emas.

Maqsad nima?

Ma'lumki, a'zolarining kirish va a'zolik badallari palataning mol-mulkini shakllantirish manbasi sanaladi.

Garchi qonun va ustavida balandparvoz maqsadlar ko‘zlangan bo‘lsa ham, palata asosan tadbirkorlik sub'yektlaridan pul yig‘ishga mo‘ljallangan tashkilot bo‘lib qolmoqda.

A'zolardan qancha pul yig‘iladi, ular qayoqqa hamda nima maqsadlar uchun yo‘naltiriladi — bu hech qachon ochiqlanmaydi, a'zolariga hisobot berilmaydi. Vaholanki, a'zolik badallari — bu birovlarning puli, uni to‘lagan tadbirkorlar bu pullar qayoqqa sarflanayotganini bilishga haqli.

Yana nimani boshlashdi o‘zi?

Savdo-sanoat palatasiga 2018 yildagi qonun bilan yirik tadbirkorlar uchun a'zolik majburiy qilib belgilangan. Shu paytgacha xususiy tadbirkorlar uchun palataga a'zo bo‘lish ixtiyoriy edi.

Endi palataga majburiy a'zo qilinadigan tadbirkorlik sub'yektlari safini yanada kengaytirib, xususiy tadbirkorlarni ham majburan a'zo qilishmoqchi. Ya'ni, tadbirkorlarning erkinligiga va xususiy mulk daxlsizligiga qonun yo‘li bilan daxl qilish rejalashtirilayotgandek, go‘yo.

Savdo-sanoat palatasi chindan ham tadbirkorlar uchun kerakli tashkilot bo‘lsa, avval amalda o‘zini ko‘rsatishi kerak, so‘ngra ulardan naf borligini anglagan tadbirkorlarning o‘zlari jon deb tashkilotga ixtiyoriy a'zo bo‘lishadi. Ammo ularning bu tarzda majburlash insofdan emas.

Shuhrat Shokirjonov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top