18:19 / 18.01.2020
17
31571

Vodiy viloyatlarida aholi «svet» ko‘p o‘chayotganidan norozi: 4ta mas'ul shirkat izohi

Foto: KUN.UZ

 So‘nggi hafta davomida vodiy viloyatlarida yana elektr tizimidagi uzilishlar muammosi yuzaga keldi. Ayrim hududlarida aholiga bir sutka davomida 12-13 soatlab elektr energiyasi berilmayapti.

 Kun.uz saytiga kelayotgan murojaatlarda aholi vakillari salbiy holatning sababi nimada ekanligi va qachongacha davom etishi haqida so‘rashmoqda: 

 “Assalomu alaykum. Men, Olimjon Haydarov, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani, Kattaboltako‘l MFY dan murojaat qilmoqdaman. Elektr berilishida sutkada 12-14 soat uzilishlar bo‘lmoqda. Tumanimizning ayrim hududlarida hatto 16-17 soatgacha uzilishlar bo‘lyapti ekan. Mutasaddilarning aytishicha, respublikadan kam elektr berilgani sababli elektrda taqchillik bo‘lmoqda. Elektr o‘chishi qachon tugaydi?”.

 “Sizlarni Andijon viloyati Marhamat tumanidan bezovta qilyapman. Ismim Bahromjon. Saylovdan keyin yana “svet” o‘chishni boshladi. Kecha uyimizga Rossiyadan mehmon keldi. Rosa uyaldim. O‘zi qaysi zamonda yashayapmiz? Tabiiy gaz yo‘q bo‘lsa, aholiga hech bo‘lmasa tok berib turishsa bo‘lardi. Juda qiynalib ketdik”.

 “Namangan viloyati Chortoq tumanida yashayman. Ismim Adhamjon. To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushishi munosabati bilan “elektrning kattalari”, “Namangan viloyatida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi”, degan edi. Bugun 16 yanvar kuni kunduzi uch marta sababsiz o‘chirishdi. Kechqurun ikki marta. Yangi hisoblagich o‘rnatishdi. Xalqni qarzi yo‘q. Nega yana elektrni o‘chirishyapti? “Iste'molchi huquqi”, degan huquqlarimiz bo‘lardi. Iltimos, rahbarlar javob bersin!”.

Haqiqatan ham, oxirgi yillarda, vodiy aholisi “To‘raqo‘rg‘on IES”ning ishga tushirilishini orziqib kutdi. Mana hozirgi paytda IES energiya ishlab chiqara ham boshlagan, lekin ahvol deyarli o‘zgarmagan. Hozirgi kunlarda uch viloyatning tuman va qishloqlarida elektrdagi uzilishlar “avjiga chiqdi”.

Mavjud arz va savollarga javob izlab Andijon, Namangan va Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari mutasaddilariga murojaat qildik. 

 Viloyatlarning hududiy elektr tarmoqlari mutasaddilari nima deydi?

 Aholi vakillari elektrdagi uzilishlar bo‘yicha asosiy aybdor sifatida “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasini ko‘radi. Ularning fikrini eshitamiz.

 Muhammadali Irisqulov, “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” operativ dispetcherlik xizmati boshlig‘i:

 “Ayni paytda haqiqatan ham iste'molchilarga elektr yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelmoqda. Bizning korxona elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, uzatuvchi tashkilotlar tomonidan berilgan elektr energiyasini taqsimlaydi. 13 yanvar kuni Namangan viloyatining elektr energiyasi iste'moli 14.5 mln kVt/soatni tashkil qilgan. 16 yanvar kuni esa 12.5 mln kVt/soatni tashkil qildi. Markaziy energotizimdan 20 foiz kam energiya olyapmiz. Oqibatda iste'molchilar bilan muammolar kelib chiqmoqda”.

 A. Mamatqulov, “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” jamiyati, texnik masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari:

“So‘nggi kunlarda ob-havoning keskin sovib ketishi sababli iste'molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlari kundan-kun ortib bormoqda. Jumladan, birgina Farg‘ona viloyati bo‘yicha yanvar oyining ilk kunlariga nisbatan keyingi 3-4 kun davomida kunlik elektr energiyasi iste'moli hajmi o‘rtacha 2,0 mln kVt/s ga, yoki 80-85 mVt quvvatga o‘sishi kuzatildi. Bugungi kunda bir kunlik viloyatga elektr energiya ishlab chiqarish balansi bo‘yicha berilgan topshiriq 17,8 mln kVt/s belgilangan bo‘lib, ayni vaqtda (elektr ta'minotidagi uzilishlar bilan) bir kunda 19,1-19,5 mln kVt/s elektr energiyasi iste'molchilarga yetkazib berilmoqda.

 Viloyatning kunlik erkin iste'moli (iste'molchilarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish uchun) 20,7 mln kVt/s tashkil etadi”.

 Hojiyev Muhiddin, “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” operativ dispetcherlik xizmati boshlig‘i:

 “Ob-havoning keskin sovishi va viloyatimizning ayrim hududlarida elektr energiya yetkazib berish jarayonidagi uzilishlarni yuzaga keltiryapti. Agar, bir sutkada Andijon viloyatiga 16,8 mln kVt/s berilsa uzilishlar bo‘lmaydi. Bizga esa 14,5 kVt/s energiya berilmoqda”.

AJlar izohi...

 Elektr energiyasi ta'minoti — O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tasarrufidagi deyarli barcha tashkilot va korxonalar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan murakkab tizim. Ayni paytda yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha  - “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmatlari bilan bog‘landik.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ izohi:

 “Farg‘ona viloyati kunlik elektr energiyasi iste'moli hajmi o‘rtacha 2,0 mln kVt/s ga, yoki 80-85 mVt quvvatga o‘sishi kuzatilmoqda. Bugungi kunda bir kunlik viloyatga elektr energiya ishlab chiqarish balansi bo‘yicha berilgan topshiriq 17,8 mln kVt/s belgilangan bo‘lib, ayni vaqtda (elektr ta'minotidagi uzilishlar bilan) bir kunda 19,1-19,5 mln kVt/s elektr energiyasi iste'molchilarga yetkazib berilmoqda.

 Viloyatning kunlik erkin iste'moli 20,7 mln kVt/s tashkil etadi.

 Namangan viloyatining elektr energiyasi kunlik iste'moli 14.5 mln kVt/soatni tashkil qilgan. Hozirgi kunda turli miqdorda elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Masalan 16 yanvar kuni 12.5 mln kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.

 Viloyatning kunlik erkin iste'moli 16 mln kVt/s tashkil etadi.

 Andijon viloyatining elektr energiyasi kunlik iste'moli rejasi 14,5 mln kVt/soatni tashkil etsa 17 yanvar kuni yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori 15,8 mln kVt/soatni tashkil etdi.

Hozirgi kunda Andijon viloyatining kunlik erkin iste'moli 16,8 mln kVt/soatni tashkil etadi.”

 “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ izohi:

 “Hozirgi kunda "Issiqlik elektr stansiyalari" AJning 1200 mVtga yaqin elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari tabiiy gaz yetishmovchiligi sababidan ishlayotgani yo‘q. Bunga sabab "O‘ztransgaz" AJ ning sutkasiga 5, 4 mln metr kub miqdori atrofida tabiiy gaz yetkazib bera olmayotganidadir”.

 “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ izohi:

 “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamda “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlar orqali “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidagi podstansiyalarga yetkazib berish (transportirovka) “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifa hisoblanadi. Jamiyat bu borada ishlab chiqaruvchi tomonidan berilayotgan energiyani tarmoqlari orqali uzatib bermoqda”.

Ko‘rib turganingizdek, yuz berayotgan elektrdagi uzilishlar uchun bor muammo elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi IESlarni yoqilg‘i ta'minotidagi kamchilik, ya'ni gaz taqchilligi bois kelib chiqmoqda ekan.

 Izoh olish uchun “O‘ztransgaz” AJ matbuot xizmati xodimi Faridaxon Tojiboyeva bilan bog‘landik. Lekin, jamiyat matbuot xizmati vakili bu borada o‘zida yetarli ma'lumotlar yo‘qligi va mas'ul shaxslar bilan bog‘lanib so‘ng aloqaga chiqishini aytdi. Biroq, qaytib u kishi bilan bog‘lana olmadik. 

Aholi nima qilsin?

Elektr energiyasi ta'minotiga mas'ul AJlarning muammolari bilan tanishdik. Aniqlanishicha, kamchiliklar yuzaga kelishining asl sababi - IESlarga gaz yoqilg‘isining yetarli darajada berilmayotganida ekan.

Aksiyadorlik jamiyatlari muammoni hal qilish uchun qay darajada harakat qilayotgani o‘zlariga ayon. Biroq ayni paytda ularning hamkorlikda ish olib bora olmayotganidan aholi, iste'molchilar qiynalmoqda.

Vodiyning uch viloyatida aholi juda zich holda istiqomat qiladi. Tabiiy gaz masalasi haminqadar. Aholi xonadonlarini sovuq fasllarda uyni isitish uchun asosan elektr isitgichlardan foydalanadi. Chunki, tabiiy gaz muammo. “O‘ztransgaz” hech bo‘lmasa IESlarni yetarli darajada gaz yoqilg‘isi bilan ta'minlasa bo‘lar edi.

Elmurod Ermatov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top