01:18 / 20.01.2020
1
37798

4 murabbiy, 5 ta gol va tezkor kambek. BAA - O‘zbekiston o‘yinidan fotogalereya

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston U-23 jamoasi Osiyo chempionatining yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Chorak finalda Drulovich jamoasi BAAga 5 ta gol urib g‘alaba qozondi.

O‘yin futbolchilarimiz uchun qiyin boshlandi, chunki avvaliga BAA hisobni ochdi. Zayd al Amiri 13-daqiqada darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Bu gol pishib kelayotgandi desak, xato bo‘lmaydi. Chunki BAA golgacha ko‘p hujum uyushtirgan va Abduvohid Ne'matovni dastlabki 5 daqiqa ichida 3 marta seyv qilishga majbur qilgandi.

Ammo yigitlarimiz qiyin vaziyatdan chiqib keta olishdi. Avvaliga Ilhom Alijonov chap oyoqda super gol urib hisobni tenglashtirdi. Unga Oybek Bozorov assistentlik qildi. 26-daqiqada esa Islom Qobilov Oybek Bozorovga qarshi qo‘pollik uchun belgilangan penaltini golga aylantirdi. Bu Oybekka qarshi qo‘pollik uchun belgilangan ikkinchi penalti edi. Xitoy bilan o‘yinda ham Oybek raqibni qo‘pollik ishlatishga majbur qilgandi.

O‘yindagi uchinchi golni esa Oybekning o‘zi urdi. Musobaqa kashfiyotiga aylanayotgan Bozorov 25 metrlar chamasidan kuchli zarba yo‘llab olis burchakni aniq nishonga oldi. Shu tariqa futbolchilarimiz birinchi bo‘limning o‘zida kambek qilib hisobda oldinga chiqqan holda tanaffusga chiqib ketishdi. Ikkinchi bo‘limda ham to‘p nazoratini raqibga bermagan futbolchilarimiz yana ikkita gol urishdi.

Avvaliga Jasur Yaxshiboyev musobaqadagi ilk golini urgan bo‘lsa, 90+4-daqiqada Nurillo To‘xtasinov yakuniy natijani o‘rnatdi. Darvoqe, Jasurning goliga aynan To‘xtasinov assistentlik qildi. «Bunyodkor» futbolchisi 3 ta o‘yinda zaxiradan o‘yinga qo‘shilib ikkita gol urdi va bitta golga assistentlik qildi. Shu tariqa O‘zbekiston o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozondi.

Bu bahsdan avval bir shov-shuvli voqea sodir bo‘ldi. Vadim Abramov va Ro‘ziqul Berdiyevlar kutilmaganda Tailandga kelishdi. O‘zbekiston U23 jamoasi asosi «Bunyodkor» va «Nasaf» futbolchilaridan tashkil topgan, shu bois bu jamoa murabbiylari Tailandga go‘yoki shogirdlarini ruhlantirish uchun olib kelindi. Muxlislar bu borada turli fikrlarni bildirib jamoada endi to‘rtta murabbiy (Drulovich, Haydarov, Abramov, Berdiyev) bor deb hazil ham qilishdi. Ammo bu bahsdagi g‘alabani chinakam Drulovichniki desak bo‘ladi. Berdiyev va Abramov chindan futbolchilarga ko‘rsatma berishgani yo‘q, faqat qo‘llab-quvvatlashdi. Drulovich esa tarkibdagi hech qanday o‘zgarishsiz natijani yaxshilay oldi.

Endi futbolchilarimiz 22 yanvar kuni Saudiyaga qarshi final yo‘llanmasi uchun bahs olib borishadi. Bu o‘yindagi g‘alaba Tokio olimpiadasiga ham yo‘llanma beradi. Hozircha esa BAA — O‘zbekiston o‘yinidan tayyorlangan fotogalereyani tomosha qilishingizni tavsiya qilamiz.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top