18:52 / 20.01.2020
0
3854

Jahon banki O‘zbekistondagi islohotlarning keyingi bosqichini qo‘llab-quvvatlaydi

Siril Myuller

Jahon banki O‘zbekiston hukumatining milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasidagi yutuqlarini olqishlaydi va bank mamlakatni isloh qilishning keyingi bosqichini qo‘llab-quvvatlash niyatida. Bu haqda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller 16-17 yanvar kunlari Toshkentga tashrifi chog‘ida ma'lum qildi. 

“O‘zbekiston milliy iqtisodiyotni o‘zgartirish va fuqarolarning turmush farovonligini oshirish uchun imkoniyatlar yaratishda katta yutuqlarga erishmoqda. Islohotlar orqali aholining turmush darajasini oshirish vaqt talab qiladigan murakkab jarayondir. Mamlakatda dinamik iqtisodiy model yaratish uchun murakkab islohotlar jarayonining navbatdagi bosqichi boshlanmoqda. Jahon banki, o‘z navbatida, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonning muhim tarmoqlariga investitsiyalarni va hukumatga maslahat xizmatlarini ko‘paytirmoqda”, dedi u. 

Siril Myuller O‘zbekistonga tashrifi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va transport vaziri Ochilboy Ramatov, bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzaqov va boshqa yuqori lavozimdagi mulozimlar bilan uchrashdi.

 Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini mustahkamlash, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, energetika, transport, moliya, bank va qishloq xo‘jaligi sohalarini modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish, davlat organlari va davlat korxonalarini isloh qilish, shuningdek, Markaziy Osiyoda savdo-transport aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, fuqarolarga sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ularning mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotidagi ishtiroki va gender tengligini ta'minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Jahon banki 2017 yilda keng ko‘lamli o‘zgarishlar boshlanganidan beri O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni sezilarli darajada oshirdi. Uning mamlakatdagi amaldagi dasturi 3,5 milliard AQSh dollarlik 21 ta loyihani o‘z ichiga oladi hamda Yevropa va Markaziy Osiyoda operatsiyalar hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Bank hukumatga qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta'lim, suv ta'minoti va sanitariya, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloqlarni rivojlantirish sohalarida iqtisodiy va institutsional islohotlarni amalga oshirishda ko‘mak beradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top