19:38 / 20.01.2020
6
208757

Modeler Narimon Grigoryan nima uchun o‘ldirilgani ma'lum bo‘ldi

Toshkent shahar prokuraturasi modeler Narimon Grigoryanning rashk sababli o‘ldirilganligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarni rad etdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Bu mish-mishlarni ishonch bilan rad etish mumkin. Qotillikning sababi o‘zganing mulkini tortib olish bo‘lgan», - dedi Toshkent shahar prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Anvar O‘rmonov.

Prokuraturaning ta'kidlashicha, modelerni o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan erkak o‘z aybiga iqror bo‘lgan.

O‘rmonovning so‘zlariga ko‘ra, qotil modeler bilan jinoyat sodir etilishidan bir oy avval ijtimoiy tarmoqlarda tanishgan. 

«So‘roq paytida gumonlanuvchi Narimon Grigoryan deb tanilgan Narimon Alimjonovni uning puli va ba'zi moddiy boyliklariga ega bo‘lish maqsadida o‘ldirganini aytdi. U 14 yanvar kuni uyidan pichoq va benzin quyilgan bir litrli yelim idish bilan chiqqan. Avvalroq u qurbonga qo‘ng‘iroq qilib, uning uyiga bormoqchi ekanligini aytgan. U Grigoryanning uyiga kelganida, unga bir necha marta pichoq urgan. Olingan jarohatlar oqibatida Narimon Grigoryan voqea joyida vafot etgan. Qotil 625 AQSh dollari, Iphone telefoni va quloqchinlari, elektron sigaret va Captiva avtomobili kalitini olib ketgan», - dedi Toshkent shahar prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Rasuljon Botir o‘g‘li.

Jinoyat izlarini yashirish uchun u xonadonga o‘t qo‘ygan.

“U o‘zi bilan olib kelgan benzindan foydalangan. Xonadonning bir necha joyi va marhumning jasadiga o‘t qo‘ygan. So‘ngra eshikni qulflab ketgan», - dedi prokuratura vakili.

Poytaxt prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sevara Saidjonovaning ta'kidlashicha, "ayblanuvchi Narimonning moliyaviy holati to‘g‘risida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lmagan". U Narimon Grigoryan taniqli dizaynerligi uchun xonadonida katta miqdorda pul saqlaydi deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin.

Ayni vaqtda gumonlanuvchi hibsga olingan. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha ayblov e'lon qilingan.

Marhumning jasadi u ijarada istiqomat qilib kelgan Yashnobod tumani, Chigil ko‘chasidagi xonadon mehmonxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan edi.  

Narimon Grigoryan – O‘zbekistonning taniqli modeler va kiyim dizaynerlaridan biri, Nariman Grigoryan brendi asoschisi. U 2018 yilda Vogue China jurnali tomonidan «Yil kashfiyoti» nominatsiyasida eng yaxshi dizayner deb topilgan. Shu yilning o‘zida u Toshkentda o‘z modalar uyini ochgan edi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top