16:57 / 21.01.2020
1
49314

Abdulla Aripov O‘zbekiston bosh vaziri etib tasdiqlandi

Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan siyosiy partiya tomonidan yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlariga sazovor bo‘lgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi saylovda 53 nafar deputatlik o‘rnini egallagan edi. Partiyaning yaqinda bo‘lib o‘tgan Siyosiy kengashi majlisida Bosh vazir nomzodi ko‘rib chiqildi va Prezidentga taqdim etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etdi.  

Abdulla Aripov qo‘shma majlisda Vazirlar Mahkamasining yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturi haqida nutq so‘zladi. 

Majlisda so‘zga chiqqanlar Prezident ma'ruzasida bayon etilgan ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlab, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda Bosh vazir lavozimiga tavsiya etilgan nomzodni ma'qulladilar.

Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, qo‘shma majlisda qatnashgan 150 nafar deputatdan 148 nafari (1 nafari betaraf, 1 nafari ovoz bermadi), 97 nafar senatordan 94 nafari (3 nafari ovoz bermadi) Abdulla Aripov nomzodini ma'qullab ovoz berdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top