12:00 / 21.01.2020
0
17598

«Qo‘yliq» bozorida insonni yuzidan tanib oluvchi kameralar o‘rnatildi

Foto: Voice of Tashkent

Toshkent shahridagi «Qo‘yliq» bozori hududida insonni yuzidan tanib oluvchi 3 dona intellektual kameralar o‘rnatilgan. Bundan tashqari, bozorda 210 dona IP kameralar ham o‘rnatilgan.

Bu haqda poytaxtning Bektemir tumanida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Tursunov, tuman hokimi o‘rinbosari F.Nig‘monov, tuman prokurori D.Otajonov va boshqa rasmiy shaxslar ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda ShIIBB rasmiy sayti.

Yig‘ilishda bozor hududida avtomobillar to‘xtash joyini tashkil qilish haqida taklif berilgan, savdo rastalarida ishlovchilar va xaridorlar uchun muhim e'lonlarni uzatib turish uchun radiouzel hamda jamoatchilik nazorati maskani tashkil etilganiga urg‘u berildi.

Yig‘ilishda yana shunday takliflar yangragan:

·       Bozor xodimlari uchun maxsus uniforma joriy etish;

·       Pichoq sotiladigan rastalarda qulflanadigan oynavand rastalar barpo etish;

·       Umumiy ovqatlanish joylari va dorixonalarda alkogolli va tarkibida spirt bo‘lgan mahsulotlarni sotish ustidan nazoratni kuchaytirish, bozor hududida va unga yondosh hududlarda alkogolni quyib sotishni taqiqlash;

·       Bozorda yurish-turish qoidalari bayon etilgan maxsus bukletlar tayyorlash va tarqatish, shuningdek bozor hududida bannerlar o‘rnatish.

Jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini saqlash maqsadida trevoga tugmalari o‘rnatiladi. Har payshanba bozorda ishlovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top