19:41 / 22.01.2020
2
71550

O‘zbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda eng kuchli bo‘lib qolmoqda 

Foto : KUN.UZ

Global Firepower tahliliy markazi tomonidan tuziluvchi dunyoning eng kuchli armiyalari reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2019 yilda Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiyaga ega davlat bo‘ldi va mintaqa bo‘yicha qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonni bu borada ortda qoldirdi.  

2019 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston reytingda 137 ta o‘rindan 48-o‘rinni egalladi va MDHning Ozarboyjon (52-o‘rin), Qozog‘iston (54-o‘rin), Turkmaniston (75-o‘rin), Gruziya (85-o‘rin), Qirg‘iziston (91-o‘rin), Tojikiston (94-o‘rin) va Armaniston (96-o‘rin) kabi davlatlarini ortda qoldirdi. 

Reytingning ilk uchta o‘rnini AQSh, Rossiya va Xitoy egalladi. Shuningdek, yetakchi o‘ntalikdan Hindiston, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Germaniya o‘rin olgan.    

Global Firepower ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli kishilar 15,9 mln nafarni tashkil qiladi. Ayni vaqtda O‘zbekiston qurolli kuchlarida 50 ming kishi xizmat qiladi. Har yili harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin bo‘lganlar safi 601 ming kishiga ko‘payib bormoqda.   

O‘zbekiston harbiy-havo kuchlarida umumiy hisobda 179 ta parvoz qurilmasi bor bo‘lib, ulardan 69 tasini qiruvchi, 89 tasini hujumkor, 89 tasini harbiy-transport, 2 tasini o‘quv-mashq samolyoti va 73 tasini vertolyotlar tashkil qiladi.      

O‘zbekiston qurolli kuchlarida umumiy hisobda 420 ta tank, 1215 ta bronetransportyor, 137 ta o‘ziyurar artilleriya qurilmasi va 98 ta raketa qurilmasi qo‘llanadi.

Global Firepower reytingi 55 ta ko‘rsatkich inobatga olingan holda tuziladi. Reytingni tuzishda geografik omillar, tabiiy zaxiralar, moliyaviy barqarorlik va mahalliy sanoatning rivojlangani ham ahamiyatga ega. Armiyalarning qudratliligini baholashda yadro quroli borligi, dengizga chiqishga ega bo‘lmagan davlatlarda flot yo‘qligi hisobga olinmaydi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top