14:17 / 23.01.2020
0
9907

Qozog‘istonda sodir bo‘lgan YTH oqibatida O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi

Illyustrativ foto

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2020 yil 22 yanvar kuni Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumani hududida Samara-Chimkent avtomobil trassasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yengil avtomobil yo‘lovchisi, O‘zbekiston fuqarosi N.S. vafot etdi.

TIV xabariga ko‘ra, bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va Qozog‘istonning tegishli idoralari bilan tezkor aloqa o‘rnatdi.

Shuningdek, bosh konsulxona xabar berishicha, ob-havo sharoitining yomonlashgani tufayli Qozog‘istonning 9 ta viloyatida 48 ta uchastka barcha turdagi avtotransport vositalari uchun vaqtincha yopildi. 23-25 yanvar kunlari kuchli qor yog‘ishi va bo‘ron davom etadi.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan va O‘zbekiston fuqarolari e'tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida mazkur mamlakatga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy risklarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga qaratgan.

Qozog‘istonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo‘la, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar, Qo‘stanay va Qarag‘anda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (Telegram, Whatsapp, Imo); Aqtau shahridagi bosh konsulxonaga (Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top