00:30 / 24.01.2020
0
17435

AQShning Bag‘doddagi elchixonasi baland beton devor bilan o‘rab chiqildi

Foto: EPA

AQShning Bag‘doddagi elchixonasi katta o‘lchamli beton bloklar bilan o‘rab chiqildi. Bunday choralar iroqliklarning elchixonaga hujum qilishining oldini olish maqsadida ko‘rilgan, deb xabar berdi Al-Sumaria telekanali. 

Ta'kidlanishicha, elchixonaning deyarli butun perimetri bo‘yicha bir necha metr balandlikdagi beton bloklardan iborat devor hosil qilingan. Bloklarda elchixonaga belgilangan masofadan yaqinroq kelishdan ogohlantiruvchi belgilar va e'lonlar joylashtirib chiqilgan.

Beton devor barpo etilishi AQSh elchixonasi yonida 24 yanvarga belgilangan katta ko‘lamli norozilik namoyishi oldidan yakunlandi. Iroqliklarni “million kishilik namoyish” o‘tkazishga iroqlik shialar yetakchilaridan biri Muqtado as-Sadr chaqirgan. Ushbu namoyishdan yagona maqsad AQSh qo‘shinlarining Iroqdan olib chiqilishining talab etilishi bo‘ladi.

Dekabr oxirida AQSh elchixonasi oldida AQSh harbiy aviatsiyasining “Kataib Hizbulloh” shia guruhining Al-Qiyom shahridagi lageriga hujumiga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgandi. Elchixona qo‘riqchilari va politsiyachilar namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlatuvchi gaz qo‘llashgan. Elchixona oldidagi to‘qnashuvlar natijasida 20 ga yaqin iroqlik jabrlangandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top