15:35 / 27.01.2020
0
10854

Qamchiq dovonida pullik tonnel qurish bo‘yicha moliyaviy va texnik hisob-kitoblar tayyorlanmoqda

«Toshkent — Andijon» pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi doirasida Qamchiq dovonida pulli tonnel quriladi. Bu haqda Davlat-xususiy sheriklik rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.

«Iqtisodiy–ijtimoiy tomondan, shu jumladan yilning qor va kuchli sel yog‘gan vaqtlari Qamchiq dovonida avtomobil-transport harakatlanishi vaqtincha to‘xtashi ushbu loyihani amalga oshirish ustuvor ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Qamchiq dovonida yangi pullik tonnel qurish loyihasi Jahon banki tomonidan yollangan konsultatsion kompaniyalarga qo‘yilga vazifa doirasiga kirib, dastlabki moliyaviy va texnik hisob-kitoblar joriy yilning fevral oyi oxiriga qadar taqdim etiladi. Konsultant kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, tonnelning uzunligi mavjud yo‘ldan qanchalik balandlikda qurilishidan kelib chiqib 19dan 30 kilometrgacha yetishi mumkin. Tonnel qurilishida tonnel dizayni, texnik parametrlari (shu jumladan ventilyatsiya tizimi), hamda iqtisodiy va tijoriy maqsadga muvofiqligi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar jarayonida (2020 yil oktabr oyiga qadar) o‘rganib chiqiladi.

Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topilsa, tender  hujjatlari tayyorlanadi (2021 aprel oyiga qadar) hamda ikki bosqichli tender jarayonlari 2022 yil mart oyiga qadar davom etadi. Shuningdek, Tender g‘olibi bilan 2022 yil mart oyida bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan», deyilgan xabarda.

2019 yil 9 dekabrda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan davlat xususiy sherikchilik shartlari asosida pulli avtomobil yo‘llarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlangandi.

Hujjatga muvofiq, Qamchiq (Toshkent va Namangan viloyatlari) va Taxtiqoracha (Qashqadaryo) dovonlarida ikkita yangi pulli tunnel hamda uchta pulli avtoyo‘l — Sirdaryo va Baxt shaharlarini (Sirdaryo viloyati) aylanib o‘tish uchun yo‘l, shuningdek «Toshkent-Samarqand» va «Toshkent-Andijon» yo‘llarini qurish rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top