13:33 / 28.01.2020
0
12824

Qarshi Eron klublarining Chempionlar Ligasi o‘yinlarini qabul qilishi mumkin

Foto: FC Nasaf

Eron klublarining Osiyo Chempionlar Ligasi 2020 mavsumidagi uy o‘yinlari O‘zbekistonning Qarshi shahrida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayangan holda taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev «Futbolium» kanalida xabar berdi.

«Eron klublarining Chempionlar Ligasidagi uy o‘yinlari Qarshi shahrida o‘tkazilishi mumkin. Bu imkoniyat yuqori baholanmoqda. 

Eron klublari ba'zi uy o‘yinlarini arab davlatlarida o‘tkazishganda, raqiblar o‘zini mehmondagidek his qilishmaganini ta'kidlamoqdalar. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining bu o‘yinlarni qabul qilish imkoniyatlarini oshirmoqda», - deb yozdi Alisher Nikimbayev. 

Eron klublari o‘yinlarini Ozarboyjon ham qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Ammo bu imkonsiz ekanini ta'kidlamoqda Alisher Nikimbayev.

«Ozarboyjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (AFFA) vakili Firuz Garayev Boku shahrining bu o‘yinlarni qabul qilishga tayyorligini ma'lum qildi. Biroq, Osiyo Chempionlar Ligasi reglamentiga ko‘ra, o‘yinlarni boshqa konfederatsiya hududida o‘tkazish taqiqlanadi».

Eslatib o‘tamiz, Erondagi notinch siyosiy vaziyat tufayli Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Chempionlar Ligasi o‘yinlarini bu mamlakat hududida o‘tkazishni taqiqlab qo‘ydi. Natijada, «Shahri Xudro‘» va «Istiqlol» klublari saralash bosqichidan o‘rin olgan bahslarni BAAning Sharja va Dubay shaharlarida o‘tkazishdi. 

Bundan tashqari, OFK qaroriga ko‘ra, Eronning OChL guruh bosqichida ishtirok etadigan «Sipohan» va «Persepolis», shuningdek, saralashdan o‘tgan boshqa klublari dastlabki 3 turni safarda o‘tkazishadi. 4-6 tur o‘yinlarini qayerda o‘tkazishi esa qo‘shimcha qaror bilan belgilab beriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top