17:30 / 29.01.2020
6
31452

6 yoshli bolalarni maktabga majburiy tayyorlash tizimiga o‘tilmoqda

O‘zbekistonda bolalar bir yillik maktabga tayyorlov tizimida o‘qitilishi majburiy etib belgilanmoqda.

Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Maqsudjon Yo‘ldoshevning aytishicha, hozir respublika bo‘yicha 6 yoshli bolalarning 68 foizi bog‘chaga boryapti.

«Rejamiz bo‘yicha, yil oxiriga qadar 85 foiz bolani maktabga tayyorlash kurslariga jalb qilishimiz kerak. Buning uchun 100 mingga yaqin 6 yoshli bolani qamrab olish yuzasidan aniq rejalarimiz bor», – dedi Yo‘ldoshev 29 yanvar kuni Xalqaro-press klub sessiyasida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy etish uchun budjetdan 130 milliard so‘m ajratilishini aytgandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil iyunidan kuchga kiradigan «Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonunga asosan, davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta'lim tashkilotiga o‘qishga kirishidan bir yil oldin davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida umumiy o‘rta ta'limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top