19:10 / 29.01.2020
0
2592

Belarus delegatsiyasi va Cotton Campaign koalitsiyasi vakillari O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati bilan tanishdi

Belarusning «Bellegprom» davlat konserni raisi Tatyana Lugina boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Belarus to‘qimachilik sanoati vakillarining O‘zbekistonga tashrifi «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi ko‘magida tashkil etildi. 

Tashrif dasturi doirasida Belarus delegatsiyasining «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi rahbariyati bilan muzokaralar olib borishi, qator korxonalar va kompaniyaning filial do‘konlariga tashrif buyurishi, Kor-Uz To‘qimachilik texnoparki faoliyati bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi bilan uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun foydalanilmagan salohiyat mavjudligi qayd etildi, xususan, Belarus tomoni quyidagi takliflarni bildirdi:

  •  «Bellegprom» konserni korxonalari ehtiyojlari uchun kalava ip sotib olish;
  •  sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, tarmoqlararo aloqalarni mustahkamlash, xomashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlar va tayyor mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish;
  •  O‘zbekistonda «Bellegprom» konserni korxonalarining do‘konlarini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqish.

2019 yil yakunlariga ko‘ra, Belarus Respublikasiga to‘qimachilik eksporti hajmi 24 million dollarni tashkil etgan.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumatining taklifiga binoan, «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi delegatsiyasi ham O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Delegatsiya tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati korxonalari, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishishi ko‘zda tutilgan. 

Xususan, 29 yanvar kuni xalqaro koalitsiya delegatsiyasi Toshkent shahri, Bektemir tumanida joylashgan «GLOBAL TEXTILE SOLUTIONS Ltd» to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi.

«Global Textile Group» rahbari delegatsiya a'zolariga Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida joylashgan «Fergana Global Textile» paxtachilik-to‘qimachilik klasteri faoliyati to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Cotton Campaign vakillari joriy yilning birinchi yarmida «Fergana Global Textile» to‘qimachilik majmuasi va paxtachilik klasteriga tashrif buyurishlarini qayd etishdi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top