21:28 / 29.01.2020
0
16409

Erdo‘g‘an Rossiyaning Idlibdagi harakatlariga norozilik bildirdi

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Rossiya Suriya bo‘yicha Sochi va Ostonadagi uchrashuvlar bilan mustahkamlangan kelishuvlarni bajarmayapti. Bu haqda CNN Turk telekanali xabar berdi.

Erdo‘g‘anning aytishicha, Turkiya Suriyaning Idlib viloyatiga hujumlar davom etayotgani sababli sabr-toqati tugamoqda va javob choralari qo‘llashga tayyor. “Biz oxirgi damgacha sabr qildik, biroq hozir choralar ko‘rmoqchimiz”, deb aytgan Turkiya prezidenti. Uning ta'kidlashicha, bu “do‘q-po‘pisa” emas va Anqara Moskvadan “Suriya prezidenti Bashar Asad tuzumiga ushbu ogohlantirish”ni yetkazib qo‘yishini kutib qoladi.  

“Biz mazlum, jabrdiyda odamlarni qutqarishga harakat qilmoqdamiz. Ruslar esa “Biz terrorchilar bilan kurashmoqdamiz”, deb aytmoqda. Kim terrorchi? O‘z yerini himoya qilayotgan suriyaliklarmi?”, deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an. 

Rossiya va Turkiya prezidentlari 2018 yil sentyabrda Sochidagi muzokaralarda Idlibda deeskalatsiya hududini joriy qilishga kelishib olishgandi. Kelishuvga ko‘ra, rasmiy Damashq nazoratida bo‘lmagan Idlib perimetri bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish hududi tashkil etilishi kerak edi. Biroq shunga qaramay, Suriya armiyasi va Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi muxolifat u yerda harbiy amaliyotlar olib bormoqda.

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov jangarilar Idlibdagi gumanitar yo‘laklarga zarbalar berishni davom ettirayotganini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, hozirda Idlibda Rossiyada taqiqlangan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi a'zolari hukmronlik qilmoqda. Lavrovning ta'kidlashicha, Suriyaning qurollangan muxolifatiga kiruvchi tuzilmalar a'zolari terrorchilar bilan hamkorlik qilishni to‘xtatishlari lozim. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top