00:33 / 31.01.2020
15
46080

«Eng katta yutug‘i – millatni jipslikda ushlab turolgani». Islom Karimov haqida xotiralar

30 yanvar kuni Oqsaroy memorial majmuasida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tavalludining 82 yilligiga bag‘ishlab xotira kechasi o‘tkazildi. Unda Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova, «Karimov fondi» rahbariyati, qator san'at va madaniyat arboblari hamda siyosatchilar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri, akademik Ahmadjon Meliboyev Islom Karimov bilan bog‘liq xotiralarini gapirib berdi.

«Islom Abdug‘aniyevich deganda juda jiddiy, talabchan inson obrazini ko‘z oldimizga keltiryapmiz. Aslida ular juda quvnoq inson bo‘lganlar. Islom aka yumorni yoqtirardi, kerak bo‘lsa bemalol askiya ham aytardi. Aytgan askiyalari ham ancha ma'nodor bo‘lardi.

Islom Abdug‘aniyevichning tarixda qoladigan eng buyuk ishi – millatni jipslikda ushlab turolgani. Tashqi kuchlar dunyoni mayda poligonlarga bo‘lib tashlashni niyat qilganda, ularning rejasi O‘zbekistonda amalga oshmadi. Toshkent, Andijon, Namangan voqealarida xalqni guruh-guruhlarga bo‘lib tashlashga urinishlarni ko‘rdik. Lekin Karimov xalqning tarqab ketishiga yo‘l qo‘ymadi.

Shunday murakkab davrlarda «Izvestiye» gazetasida O‘zbekiston XVI asrga qaytib, har yerda azon tovushlari bosib ketib, dunyodan uziladi, deb yozilgandi. Shunga javoban Karimov: «Biz katta ochiq davlat quramiz. O‘zbekiston hammamizniki», degandi.

Yana bir xotira esimda qolgan: tug‘ilgan kunlarida ham ishga vaqtli kelib, kech qaytardilar. Ko‘pincha «Otni kallasiday oylik olib ham ishlamaysan», deb tanbeh ham berardilar», – deydi Meliboyev.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Akbar Imomov ham birinchi prezident xalqning og‘ir paytlarida jasorati ko‘rsatganini yodga oldi.

«Islom Karimovning jasorati haqida soatlab gapirish mumkin. Xalqparvarligi alohida tahsinga loyiq. Masalan, Namangan voqealarini olaylik. Dushman oldiga kirib borganida, oldida qo‘riqchilari bo‘lmagan. Bir o‘zi muxofilatchilar Juma Namangoniy, Tohir Yo‘ldoshevlar bilan yuzma-yuz gaplashgan.

Islom Abdug‘aniyevich ularga o‘z so‘zini o‘tkaza oldi. Natijada, ular hech qanday qurbonlarsiz muzokara orqali Islom Abdug‘aniyevichning taklifiga ko‘ndi.

1999 yilda Toshkent voqealarini eslaganda, hali o‘q ovozi tinmagan, bomba tushgan chuqur atrofi hali tutab yotgan bir paytda Islom Abdug‘aniyevich voqea joyini aylanib ko‘zdan kechirgan. 2003 yilda Surxondaryoda tartibsizlik bo‘lganida ham voqea joyiga borib, shaxsan o‘zi qo‘mondonlik qilgan. Andijonda ham o‘sha jasoratini ko‘rsatgan»,– deya eslaydi Akbar Imomov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top