10:01 / 01.02.2020
0
15939

AQShda koronavirus sababli favqulodda holat joriy qilindi

AQShda koronavirus sababli favqulodda holat joriy qilindi. Yaqinda Xitoyda bo‘lgan sayyohlarga mamlakatga kirish vaqtinchalik taqiqlanadi.

Foto: EPA

Favqulodda holat kiritilishi haqidagi farmonni AQSh prezidenti Donald Tramp imzolagan. Bu haqda AQSh sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri Aleks Azar ma'lum qildi. 

Vazirning ta'kidlashicha, favqulodda holat AQShning sharqiy sohili bo‘yicha 2 fevral soat 17.00dan amal qilishni boshlaydi.
 
Ushbu tartib koronavirus yuqtirishi xavfiga ega xorijiy fuqarolarga AQShga kirishni vaqtinchalik taqiqlaydi. 

Azarning aytishicha, gap Xitoyda 14 kun yoki undan kamroq vaqt avval bo‘lgan xorijliklar haqida bormoqda. AQSh fuqarolari va doimiy rezidentlari oila a'zolari bundan mustasno. 

“AQShning Xitoydan qaytayotgan fuqarolari 14 kun davomida alohida kuzatuv ostida bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan vazir.

Bundan tashqari, favqulodda holat AQShdan Xitoyga parvozlar faqatgina 7 ta aeroportdan amalga oshirilishini ko‘zda tutadi.

“Hozirda amerikaliklar uchun virus yuqtirish xavfi past, bu choralar evaziga u past bo‘lib qolishini ta'minlaymiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Azar.  

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoydagi koronavirus epidemiyasini xalqaro darajadagi favqulodda holat deb tan olgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top