07:47 / 04.02.2020
6
9929

O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi tizimli muammolar ma'lum qilindi

O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi tizimli muammolar ochiqlandi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasida aytilgan.

Qayd etilishicha, mamlakatda inson huquqlari sohasida amaldagi holatni o‘rganish, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta'minlash sohasida muammo va kamchiliklar borligini ko‘rsatmoqda.

Birinchidan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha davlat organlari o‘rtasida muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik yetarli emas, davlat organlari faoliyatining institutsiyaviy asoslari va prinsiplarining zamonaviy talablarga mos emasligi mazkur majburiyatlar sifatli bajarilishini ta'minlashga imkon bermayapti.

Ikkinchidan, parlament, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining inson huquqlari sohasidagi faoliyati tizimli va o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilmayapti. Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini lozim darajada bajarish ustidan samarali parlament va jamoatchilik nazoratini ta'minlash bo‘yicha qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish zarur.

Uchinchidan, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish zarur. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va oldini olish bo‘yicha idoralararo faoliyat va samarali o‘zaro hamkorlikni, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining inson huquqlari sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishni tubdan takomillashtirish talab etiladi. Tizimda jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarga qarshi kurashish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga doir aniq mezonlar belgilanmagan.

To‘rtinchidan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar normalarini qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan, ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilishning samarali tizimi mavjud emas hamda shartnomaviy qo‘mitalarining individual xabarlarni ko‘rib chiqish yuzasidan qarorlarini bajarishning mexanizmi ishlab chiqilmagan.

Beshinchidan, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari va erkinliklarini ta'minlash sohasida qator muammolar hali ham saqlanib qolmoqda. Xususan, mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O‘zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo‘la olmayotgan minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal etish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralar haligacha to‘liq hal etilmagan. Propiska tizimi tufayli fuqarolarning erkin ko‘chib yurishi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta'minlab berilmayapti. Mulkdorlarning konstitutsiyaviy huquqlari, davlat muhofazasida bo‘lgan xususiy mulkning daxlsizligining kafolatlarini kuchaytirish, mansabdor shaxslarning bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarligini oshirish talab etiladi.

Oltinchidan, inson huquqlariga oid ta'lim va tarbiya, davlat xizmatchilarini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlar bo‘yicha tayyorlash va malakasini oshirish sohasida tizimli va o‘zaro bog‘liq ish faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda inson huquqlari va erkinliklariga nisbatan hurmat hissini shakllanishiga to‘sqinlik qilmoqda, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlari tavsiyalarini bajarilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Bildirilishicha, ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar, nafaqat mamlakatni barqaror rivojlanishiga, balki investitsiyalarni jalb qilinishiga, iqtisodiyotni hamda davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarini o‘sishiga ham to‘sqinlik qilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top