07:57 / 04.02.2020
1
29947

Toshkent metrosining «Do‘stlik – Qo‘yliq» uchastkasida 6ta bekat qurib bitkazildi

Poytaxtda qurilayotgan halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan «Do‘stlik – Qo‘yliq» uchastkasida 6ta bekat qurib bitkazildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

2019 yilning avgust oyida Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan «Do‘stlik – Qo‘yliq» uchastkasidagi «Do‘stlik-2» hamda 2-bekatlarida qurilish ishlari tugatildi. Oraliq yo‘nalishida 2 ming 303 metrlik yangi relslar ham yotqizilib, dastlabki poyezdlar sinov tariqasida harakatlangan edi.

– Ma'lumki, «Toshkent metropoliteni» UKning «Do‘stlik» bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan yo‘nalishi 11 kilometr bo‘lib, «Do‘stlik-2» hamda 2, 3, 4, 5, 6 hamda Qo‘yliq bozoridagi 7-bekatlardan iborat, – deydi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning Kapital qurilish direksiyasi rahbar o‘rinbosari Aziz Abdiyev. – Ayni paytda «Do‘stlik-2»dan Qo‘yliq mavzesigacha estakadalarning loyihada ko‘zda tutilgan tayanch ustunlar, birinchi va ikkinchi pog‘ona temir-beton poydevorlar, temir-beton rigel va balkalar to‘liq o‘rnatib bo‘lindi. 2-bekatdan Yangiobod hududidagi oltinchi bekatgacha bo‘lgan oralig‘iga yangi relslar ham yotqizilib, so‘nggi bosqichda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda quruvchilarimiz oltinchi hamda Qo‘yliq bozoridagi yettinchi bekat oralig‘ida bunyodkorlik ishlarini jadal sur'atlarda amalga oshirishmoqda. Buning uchun 2 mingga yaqin ishchi-xodim va mutaxassislar yuzdan ko‘proq zamonaviy texnikalardan foydalanmoqda.

Bugungi kunga kelib 2-, 3-, 4-, 5- hamda 6-bekatlarda ham qurilish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Yangi qurib bitkazilgan bekatlarda yo‘lovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yo‘lkirani elektron to‘lash imkonini beruvchi turniketlar hamda eskalator bilan jihozlangan. Ikki qavatlik bekatlarning har biriga imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun maxsus liftlar ham o‘rnatildi.

Ushbu yo‘nalishda poyezdlarning o‘rtacha yurish tezligi soatiga 60 kilometrni tashkil etadi. Harakatlanish oraliq vaqti 5 daqiqadan iborat bo‘lib, bekatlar 5ta vagon to‘xtashi uchun mo‘ljallangan. Rossiya Federatsiyasidan metro liniyalarining estakada yo‘nalishida harakatlanadigan zamonaviy, yuqori sifatli, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarga ega dastlabki beshta harakat tarkibi keltirildi va bugungi kunda bularning barchasi xizmat ko‘rsatish uchun texnik jihatidan har tomonlama tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top