16:26 / 04.02.2020
0
15336

«Xorazm Avtosavdo» dilerlik korxonasi rahbari vazifasidan ozod etildi

«Xorazm Avtosavdo» MChJ dilerlik korxonasining rahbari faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etildi.

Foto: Depositphotos

UzAuto Motors kompaniyasi xaridorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, avtomobillar savdosida shaffoflikni ta'minlash maqsadida dilerlik korxonalari faoliyatini muntazam ravishda o‘rganib bormoqda.

Ana shunday o‘rganishlar mobaynida «Xorazm Avtosavdo» MChJ dilerlik korxonasi faoliyatida bir qator xato va kamchiliklarga hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi namoyon bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, avtosalonda sotuv jarayonlari shaffofligini ta'minlaydigan va avtomobil sotib olayotgan mijozlarga qulay sharoit yaratuvchi tizimli ishlar tashkil qilinmagan.

Avtosalon hamda ta'mirlash uchastkasida xavfsizlik, sanitariya holati belgilangan tartibga mos emas, avtosalon savdo bo‘limi zarur va yetarli darajada xodimlar bilan ta'minlanmagan. Avtomobillarni saqlash va mijozga yetkazib berish bo‘ycha bir qancha kamchiliklar mavjud bo‘lgan. Sotuv oldi ko‘rigi uchastkasi standart asosida tashkil qilinmaganligi sababli ayrim avtomobillarga umuman bunday ko‘rik amalga oshirilmagan.

Tekshiruv davomida avtosalonning avtomobillar saqlash omborida kamomad borligi, avtomobil ta'mirlash uchastkalarida xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirilmagan xodimlar faoliyat yuritayotganligi holatlari aniqlangan.

Shuningdek, kompaniya tomonidan e'lon qilingan aksiyalar bo‘yicha muddatli to‘lovga sotilgan avtomobillar notariusdan tegishli tartibda rasmiylashtirib, taqiqqa qo‘yilmagan.

Avtosalonda axborotlar doimiy ravishda yangilanmagani, korxonada Koll-markaz faoliyatining tegishlicha tashkil etilmaganligi xaridorlarga avtomobil xaridi jarayonida bir qator noqulayliklar tug‘dirgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar natijasida «Xorazm Avtosavdo» dilerlik korxonasi rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, mavjud kamchilik va xatolarni bartaraf etish yangi rahbar zimmasiga yuklandi.

«Agar siz dilerlik markazlarida yuqorida ko‘rsatilgan holatlarning guvohi bo‘lsangiz darhol kompaniyaning 78 141-14-14 raqamlari orqali «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishingiz mumkin. Kompaniya barcha qonunga xilof harakatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini ta'minlaydi. UzAuto Motors dilerlik korxonalari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qoidabuzarliklarni aniqlash borasidagi amaliy harakatlarni davom ettiradi», - deyilgan kompaniya matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top