12:27 / 06.02.2020
0
4658

Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 4611ta holatda 1 tonnaga yaqin moddalar musodara etilgan

Yoshlarning giyohvandlik yo‘liga kirishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish, ayniqsa, giyohvandlik vositalarini o‘rnini bosib borayotgan dori-darmonlar va sintetik narkotik moddalarni respublikamiz hududiga kirib kelishi va tarqalishiga qarshi qaratilgan profilaktik va tezkor ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Birgina yanvar oyida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbirlari natijasida, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi, 26 yoshli N.N. 54 mln so‘m evaziga 19 ming 790 dona «Tramadol» dori vositasini sotayotgan vaqtida IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan. Bu haqda IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Kun.uz’ga ma'lumot taqdim etdi.

Shuningdek, Bekobod tumani «Oybek» posti hududida 56 yoshli shaxs 5 litr sig‘imli yelim idishga joylangan 319 gramm marixuana giyohvandlik vositasini 500 AQSh dollariga; Toshkent shahrida 3 nafar shaxs kuchli ta'sir etuvchi 152 dona «Regapen» dori vositalarini 2 mln 300 ming so‘m evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Ma'lumot o‘rnida: IIV hamda boshqa huquqni muhofaza etish organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan keng qamrovli profilaktik va tezkor tadbirlar natijasida 2019 yil davomida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 4611 ta jinoyat aniqlanib, 1 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari (131 kg geroin va opiy, 49 kg gashish, 693 kg marixuana, 62 kg ko‘knori hamda 19 kg psixotrop moddalar, sintetik va tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan dori-darmonlar) noqonuniy muomaladan olindi.

Jumladan, 2019 yil 6 va 16 mart kunlari Samarqand viloyatida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan katta miqdorda giyohvandlik vositalarini respublikamiz hududiga olib o‘tib, sotish va tarqatish bilan shug‘ullanayotgan 9 nafar (shundan bir nafari Tojikiston fuqarosi) uyushgan guruh a'zolari ushlanib, ulardan 2,4 kg geroin va 25,7 kg opiy giyohvandlik vositalari daliliy ashyo sifatida olindi.

Toshkent shahrida 3–21 fevral kunlari Qozog‘iston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan katta miqdorda tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan dori-darmonlarni respublikamiz hududiga olib o‘tib, tarqatish bilan shug‘ullanayotgan 9 nafar jinoiy guruh a'zolari ushlanib, ulardan 148 ming 550 dona tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan «Tramadol» va «Fenazepam» psixotrop moddalari olingan, — deyiladi IIV JQBB ma'lumotnomasida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top