11:51 / 06.02.2020
0
7671

Milliy sportni rivojlantirish yo‘nalishlari belgilandi

Prezidentning 24 yanvardagi  mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni takomillashtirish va ommalashtirish to‘g‘risidagi farmoni imzolandi

Foto: kurash-ika.org

2025 yilga maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi –  ular jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilot va muassasalarida shug‘ullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish, davlat sport ta'limi muassasalarida oliy ma'lumotli trener va mutaxassislar sonini 80 foizgacha yetkazishdan iborat. Iqtidorli sportchilar shaffof to‘rt bosqichli – tashkilot– tuman (shahar)–hudud–respublika tizimi bo‘yicha tanlab olinadi.
 
Norma’ning yozishicha, 2020 yil 1 fevraldan boshlab olimpiya sport turlari bo‘yicha respublika sport musobaqalarida doping-test namunalarini olish tizimi joriy etiladi. Qishki olimpiya sport turlari infratuzilmasini yaratish va professional sportchilarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston sport delegatsiyalarini nufuzli sport musobaqalariga tizimli tayyorlash bo‘yicha Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Olimpiya tayyorgarlik markazi tashkil etiladi.
 
O‘zbekistonda turli sport tadbirlari, masalan, bolalar va talabalar sport o‘yinlari, festivallar, tanlovlar, «Tashkent Marathon» xalqaro marafoni, «Save Aral» xalqaro ekomarafoni, avtoralli va motokross sport musobaqalari o‘tkaziladi. Shuningdek xorijlik sportchi va muxlislar uchun «xospitaliti xizmatlari»ni yo‘lga qo‘yish, «Sport Visa» qo‘shimcha (elektron bo‘lmagan) kirish vizasini joriy etish rejalashtirilmoqda.
 
Sport sohasida xususiy sektor xizmatlari ulushi oshiriladi. Bunga erishish uchun quyidagilar amalga oshiriladi:

a) ta'lim muassasalarining sport inshootlari, ularni rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha investitsiya majburiyatini olgan holda, o‘quv mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtda tadbirkorlik sub'yektlariga foydalanishga beriladi;

b) kredit mablag‘lari jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etishda innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan foydalanishni nazarda tutuvchi namunaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladi. 2020–2021 yillarda loyiha tashabbuskorlariga so‘mda ajratilgan quyidagi kreditlarning bir qismi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi:

summasi 10 mlrd so‘mdan oshmaydigan;

foiz stavkasi MB asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan;

asosiy stavkadan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi.
 
Bundan tashqari, 2020 yil 1 fevraldan boshlab sport sohasidagi yutuqlarni munosib ravishda rag‘batlantirish nazarda tutilgan tartib joriy etiladi:

birinchidan, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda g‘olib va sovrindor (1-3 o‘rin) bo‘lgan sportchi-o‘quvchilarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan oliy ta'lim muassasalariga (tibbiyot yo‘nalishidan tashqari) qo‘shimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;

ikkinchidan, «Bolalar sport o‘yinlari»ning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha respublika bosqichi natijalari bo‘yicha:

g‘oliblariga (1-o‘rin) oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida soha bo‘yicha mutaxassislik fanidan maksimal ball olish huquqini beruvchi, 3 yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim etiladi;

g‘olib va sovrindorlarni (1-3 o‘rin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari egallagan 1-o‘rin uchun MHEKMning - 6 baravari, 2-o‘rin uchun - 4 baravari, 3-o‘rin uchun - 3 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi;

uchinchidan, umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasining g‘olib va sovrindorlarini (1-3 o‘rin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport ta'lim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmasdan, ularga:

tuman (shahar) bosqichi g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi;

viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi;

respublika va xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi;

to‘rtinchidan, olimpiya sport turlari bo‘yicha respublika (1-o‘rin) va xalqaro musobaqalarda (Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1-3 o‘rinlar) g‘olib chiqqan oliy ta'lim muassasalari talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi kafedralar o‘qituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlar (dotsent, professor) to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.
 
Sport pasportini rasmiylashtirish va berish uchun yig‘im pul to‘lovi amalga oshirilayotgan kundagi BHMning 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top