21:03 / 07.02.2020
1
7846

Tanqiddan so‘ng: Andijonda elektrdan qarz deyilgan mijoz 2 milliondan ziyod haqdor bo‘lib chiqdi

Rasmiy izohga ko‘ra, xonadondagi elektr hisoblagich ASKUE tizimiga to‘liq ulanmagani sababli dastur kunlik iste'mol bo‘yicha hisob-kitob qilib, iste'molchiga noreal qarzdorlik shakllangan.

6 fevral kuni saytimizda «Andijon tumanidagi mijoz elektrdan haqi bo‘la turib, nega qarzdor bo‘lib qoldi?» nomli tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Andijon tumani «Oyjamol» MFYda yashovchi H.Ashurovning xonadoniga tuman MIB tashkilotidan qarzdorligi haqida talabnoma kelgani, biroq mijoz o‘zidagi to‘lov kvitansiyalariga asoslanib, elektrdan qarz emasligini aniqlash uchun tuman «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasiga borib to‘liq ma'lumot ololmayotgani aytilgandi.

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari» AJ mazkur material yuzasidan tezkor chora ko‘rilgani haqida axborot taqdim etdi.

«Iste'molchining xonadoniga ASKUE  tizimiga mos bo‘lgan YeX rusumli elektr hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu elektr hisoblagich ko‘rsatkichlari onlayn tartibda qabul qilinishi nazarda tutilgan. Ammo ASKUE tizimiga to‘liq ulanmagani sababli dastur kunlik iste'mol bo‘yicha hisob-kitob qilib, iste'molchiga noreal qarzdorlik shakllangan.

Hozirda «Kuyganyor tuman elektr tarmoqlari korxonasi» xodimlari Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi vakillari ishtirokida o‘rganilib, iste'molchi elektr energiyasidan 2 256 000 so‘m haqdorligi aniqlandi va qayta xatlov qilinib, iste'molchining «Elektrhisob» dasturidagi shaxsiy hisob raqamiga o‘zgartirish kiritildi», – deyiladi rasmiy bildirishda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top