08:37 / 08.02.2020
0
21877

Valuta kursidan tetris o‘yinlarigacha: Google'ning ko‘pchilik bilmaydigan imkoniyatlari

Google har qanday mavzuda ma'lumot izlashning eng qulay va tezkor vositasiga aylanib ulgurgan. Ko‘pchilik Google’dan faqatgina an'anaviy tarzda ma'lumot izlash uchun foydalanadi. Vaholanki, uning imkoniyatlari ancha kengroq.

Foto: Getty Images

Kalkulyator

Qidiruv bo‘limiga «kalkulyator» so‘zini kiritib, onlayn hisoblash imkoniyatidan foydalanish, har qanday qiyinchilikdagi matematik amalni bajarish mumkin.

Valyuta kursini aniqlash

Valyutalarning bir-biriga nisbatan kursini bilish uchun qidiruv sohasiga «valuta kalkulyatori» (valyutnyy kalkulyator) iborasini kiritish kifoya. Yoki «dollarning so‘mga nisbatan kursi» shaklida so‘z bilan kiritish ham mumkin. Lekin bunda rus yoki ingliz tilidan foydalanishga to‘g‘ri keladi.

Kaloriyani aniqlash

Google sog‘lom turmush tarzini olib borishni istovchilarga ham yordam beradi. Iste'mol qilayotgan mahsulotingizning quvvatlilik qiymatini bilmoqchi bo‘lsangiz, o‘sha mahsulot nomini kiritish kifoya.

Ekranning o‘ng tomonida mahsulot qancha kilokaloriyaga egaligi, qanday vitamin va mikroelementlari borligi ko‘rsatiladi.

Yuzani o‘lchash

Agar yuza tekisligini, qiyalik sathini yoki burchakni o‘lchamoqchi bo‘lsangiz, qidiruv bo‘limiga «bubble level» deb yozing – yuza tekisligini o‘lchovchi onlayn asbob xizmatingizda. Mobil telefoningizni yuzaga tekis tutib, foydalanishingiz mumkin.

O‘yinlar

Hech qanday ilovani yuklab olmasdan, Google’ning o‘zidayoq o‘yin o‘ynash imkoniyati bor. Pac-man, Snake nomlarini kiritish orqali bolalikni eslatuvchi eng sodda o‘yinlarni topa olasiz.

Jonivorlar tovushi

Google’ning bu imkoniyati ko‘proq bolalar uchun qo‘l keladi. Qaysi jonzot qanaqa tovush chiqarishini bilib olish uchun «animal sounds» so‘rovini yuborish kerak.

Shunda aksariyat jonivorlarning tovushlarini jamlagan tablo namoyon bo‘ladi.

«Ko‘zgu» effekti

Qidiruv tizimining nomi teskarisiga «Elgoog» tarzida yozilsa, qidirilgan ma'lumot matnini teskari – o‘ngdan chapga ko‘rinishda topish mumkin.

Geolokatsiyani aniqlash

Google kerakli damda siz joylashgan aniq manzil, geolokatsiyani xaritada ko‘rsatib beradi. Buning uchun qidiruv bo‘limiga «my location» deb kiritish lozim.

Faqat buning uchun mobil qurilma yoki kompyuter sozlamalarida geolokatsiya funksiyasi yoniq bo‘lishi kerak.

Xarita

«Google map» so‘rovini yuborish orqali o‘zingiz bo‘lib turgan shaharning xaritasini topib, bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga qanday yetib olish mumkinligini aniqlay olasiz.

Okay Google

Google qidiruv oynasining so‘rov kiritiladigan qismi o‘ng burchagida rangli mikrofon belgisi bor. Shu mikrofonni bosib, o‘zingizga kerakli ma'lumotni og‘zaki tarzda ayting. Sun'iy intellekt bir lahzada kerakli ma'lumotni topib beradi.

Tizim so‘rov haqidagi birlamchi ma'lumotni o‘qib ham beradi. Faqat birgina noqulay tomoni: mikrofon faqat ingliz tilini «tushunadi».

Foto qidiruv

Suratdagi yoki oldingizdagi obekt haqida ma'lumot topmoqchi bo‘lsangiz, buning yo‘li oson. «Google Images» so‘rovi berilganda, fotokamera belgisini ko‘rsatuvchi oyna paydo bo‘ladi. Shu belgining ustiga bosib, telefon/kompyuteringiz xotirasidagi fotosuratni yuklang.

Natijada Google suratning manbasi, undagi tasvir haqidagi bor ma'lumotlarni chiqarib beradi.

Hujjat yaratish

docs.google.com manzilini terish orqali turli ko‘rinishdagi onlayn hujjatlarni yaratish mumkin. Buning qulayligi shundaki, hujjatlar uchun tayyor shablonlar bor, tegishli havola orqali uni topish, boshqalarga yuborish, istalgan o‘zgartirishni kiritish mumkin.

Ma'lumot Google xotirasida saqlanadi.

E_Oq3b46SPsdLxtJxqUCxB8P0wzAUDNj.png (1366×728)

Faktcheking

Google orqali manbasi aniq, tekshirilgan faktlarga asoslangan ma'lumotlarni ham topish mumkin. Buning uchun Fact Check Tools so‘rovini yuborib, paydo bo‘lgan qidiruv oynasiga o‘zingizni qiziqtirayotgan mavzuni kiriting.

Google faqat asosli manbalardan olingan ma'lumotlarni sizga saralab beradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top