11:32 / 09.02.2020
0
17067

Xitoydagi yangi turdagi zotiljamga vaqtinchalik nom berildi 

Xitoy yangi turdagi koronavirus 2019-nCoV keltirib chiqaruvchi zotiljamni vaqtincha NCP deb nomladi. Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida hozircha unga xalqaro nom berilmagan.  

Foto: REUTERS / China Daily

“Yangi turdagi kasallikka vaqtincha “yangi turdagi koronavirus keltirib chiqaruvchi zotiljam” nomini berishga qaror qilindi. Uning ingliz tilidagi nomlanishi Novel Coronavirus Pneumonia bo‘lib, qisqartmasi “NCP” shaklida”, deb ma'lum qilgan Xitoyning sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi.

JSST favqulodda qo‘mitasining yanvar oxirida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida yangi koronavirus avj olishini xalqaro miqyosdagi favqulodda holat deb tan olishga qaror qilingandi. O‘shanda JSST koronavirusga vaqtincha “o‘tkir respirator kasallik 2019-nCoV” deb nom bergan. 2019-nCoV yozuvidagi raqamlar virus aniqlangan yilni, harflar esa “yangi turdagi koronavirus”ning ingliz tilidagi qisqartmasini anglatadi.

Birinchi navbatda bu jamoatchilik vakillari Uxan shahri bilan bog‘liq virusga turli nomlar, misol uchun, “Uxan koronavirusi” deb nom bermasliklari maqsadida amalga oshirilgan.

Kasallikka doimiy nom berish bo‘yicha hozircha qaror qabul qilinmagan, u keyinroq kasalliklar va sog‘liq bilan bog‘liq muammolarning xalqaro statistik tasniflanishi yordamida qabul qilinadi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusdan vafot etganlar soni 811 nafarga yetdi, kasallanganlar soni 37198 nafarni tashkil qilmoqda. Undan bir oydan sal ko‘proq vaqt ichida 2002-2003 yillarda avj olgan atipik zotiljam (SARS) epidemiyasidagidan ko‘proq odam vafot etdi.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top