08:48 / 10.02.2020
1
150433

Olimlar koronavirus tarqalishi qachon eng yuqori darajaga chiqishini ma'lum qildi

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qariyb 500 ming kishi kasallanadi. Ularning fikriga ko‘ra, rasmiy ma'lumotlar pasaytirib ko‘rsatilgan

Foto: AFP/Getty Images

Dekabr oyi oxirida qayd etilgan koronavirusning tarqalishi fevral oyining ikkinchi yarmida eng yuqori darajaga yetishi mumkin. Londondagi Gigiyena va tropik kasalliklarni tadqiq qilish maktabi olimlari shunday xulosaga kelishdi, ular Uxan va Xubey provinsiyasidagi kasallanish to‘g‘risidagi ma'lumotlarga asoslangan matematik modelni yaratdi, deya xabar tarqatdi Bloomberg.

«Vaziyat noaniq, shuning uchun aniq sanani aytish muammo. Ammo, mavjud ma'lumotlarga asoslanib shunday taxmin qilish mumkinki, Uxanda kasallik cho‘qqiga chiqqanida ushbu shahar aholisining qariyb 5 foizi kasallanadi, ya'ni taxminan 500 ming kishi», - dedi dastur mualliflaridan biri Adam Kuxarskiy.

Olimlar tomonidan keltirilgan raqamlar rasmiy ma'lumotlardan ancha yuqoridir, unga ko‘ra dunyo bo‘ylab 37 ming kishi kasallangan. Biroq, mutaxassislar fikricha, bu raqamlar juda ham pasaytirib ko‘rsatilgan. Bazel universiteti professori Manuel Battegayning ta'kidlashicha, kasallik yengil shaklda ham kechishi hisobga olinsa, unda u hali ko‘pchilikda aniqlanmadi.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, yangi koronavirus topilgan bemorlar orasida 4,3 foizi og‘ir ahvolda edi. Bu holatda o‘lim darajasi taxminan 3 foizni tashkil etdi. Ammo, agar aksariyat odamlar juda yengil shaklda kasallangan deb hisoblansa, unda o‘lim darajasi 1 foizdan ancha past bo‘ladi.

Honkong universiteti vakili Benjamin Koulingning fikricha, keyingi ikki hafta haqiqatan ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi, sababi bu davrda kasallik butun dunyo bo‘ylab tarqaladimi yoki Xitoy hukumati tomonidan ko‘rilgan karantin choralari samarali bo‘ldimi, degan savolga javob topiladi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 37 552 kishi yangi koronavirus bilan kasallangan. 813 kishi vafot etdi. Xitoyning materik qismidan tashqarida ikkita o‘lim holati qayd etildi: Honkong va Filippinda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top