23:01 / 11.02.2020
0
6015

Volvo va Geely avtomobil kompaniyalari birlashishni rejalashtirmoqda  

Shvetsiyaning Volvo Car kompaniyasi va Xitoyning eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi Geely Automobile yagona global guruh tashkil etish maqsadida o‘z korxonalarining to‘liq birlashishi imkonini ko‘rib chiqmoqda.  

Volvo kompaniyasi 2010 yildan beri Geely Automobile tarkibiga kiradi. Shvetsiya kompaniyasi Geely Automobile bilan o‘zining eng yangi ishlanmalari va texnologiyalari bilan muntazam bo‘lishishiga qaramasdan, muayyan mustaqillikni saqlab qolgan. Endilikda ikkala kompaniya bir korxonaga birlashishga qaror qildi. 

Ta'kidlanishicha, bu qadam moliyaviy va texnologik hamkorlikni tezlashtirish uchun hamda sohada yetakchiga aylanish va yirikroq kompaniyalarga munosib raqobat tashkil etish uchun zarur hisoblanadi. Bundan tashqari, Volvo birlashishdan keyin Xitoydagi ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalana oladi, Geely esa Yevropa bozoriga ta'sirini kengaytirishi mumkin bo‘ladi. Ikki kompaniya birlashishiga qaramay, har bir markaning o‘ziga xosligini saqlab qolmoqchi. 

Ayni vaqtda Volvo ijrochi direktori boshchiligida kompaniyalarning birlashishi rejasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi komissiya shakllantirilgan. Ma'lum qilinishicha, kompaniyalarning birlashishi yil oxirigacha yakunlanishi lozim.

Dastlabki baholashlarga ko‘ra, yangi kompaniyaning kapitallashuvi 30 mlrd dollar atrofida bo‘ladi, yillik ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 mlnta avtomobilni tashkil qiladi. Kompaniya Stokholm va Hongkongda ikkita qarorgohga ega bo‘ladi.

Geely 2019 yilda 1,36 mlnta avtomobil sotgan. Volvo 2010 yilda mulkdori o‘zgargach va shundan keyin modellari qatorini yangilagach, ancha yaxshi natijalar ko‘rsatib kelmoqda. Kompaniya 2019 yilda butun dunyo bo‘ylab 700 mingtaga yaqin avtomobil sotgan.  

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top