15:54 / 12.02.2020
3
25351

Suriya harbiylari shimoldagi yo‘llarni nazoratga oldi, Turkiya urush bilan tahdid qilmoqda

Suriya hukumati qo‘shinlari 2012 yildan buyon ilk marta strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, mamlakatning to‘rtta yirik shahrini o‘zaro bog‘laydigan M5 Damashq-Halab trassasini nazoratiga oldi.

Foto: AFP

Suriya Arab Respublikasi prezidenti Bashar Asad kuchlari mamlakat shimolida, Idlib viloyati hududida qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan muxolifat kuchlari ustiga yurish boshlagan. O‘tgan yilning dekabridan buyon harbiy harakatlar davom etayotgan hududda tinch aholi vakillari bo‘lgan 700 mingga yaqin kishi o‘z boshpanalarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Hukumat harbiylarining shimol tomon harakatlanishi davomida Idlibda yashaydigan 3 millionga yaqin kishi shimolga, Turkiya chegaralari tomon qochishiga sabab bo‘lmoqda.

Damashq, Homs, Hama va Halabni o‘zaro bog‘laydigan M5 avtomagistralini qo‘lga olish - Asad armiyasi bir necha yildan buyon harakat qilib kelayotgan asosiy vazifa edi. Bu muhim trassa mamlakat transport tizimining asosi hisoblanadi. 474 km uzunlikdagi yo‘llar janubda Iordaniya bilan chegaradan boshlanib poytaxt Damashq orqali o‘tadi va shimolga, Suriyaning ikkinchi yirik shahri Halabga eltadi.

M5 trassasini egallash Suriya hukumati qo‘shinlarining asosiy vazifasi etib belgilangandi / AFP

Turkiya pozitsiyalarini mustahkamlamoqda

Bu vaqtda Turkiyaning Idlibdagi harbiylari Suriya hukumati qo‘shini hujumlariga uchrab, turk askarlari halok bo‘lmoqda va rasmiy Anqara bu hududdagi kuzatuv punktlarini mustahkamlash uchun qo‘shimcha kuchlar yubormoqda.

«Konvoy [maxsus topshiriqli harbiy bo‘linmalarni ham o‘z ichiga olgan] qat'iy maxfiylik sharoitlarida Idlibga yo‘l olgan», deyiladi Anadolu agentligi xabarida.

Kolonnalarda tanklar va boshqa zirhli texnikalardan tashqari radiosignallarni tutuvchi qurilmalar o‘rnatilgan transport vositalari hamda sanitar mashinalari ham bor.

So‘nggi hafta davomida Turkiya armiya kuzatuv postlarini kuchaytirish uchun yuzlab texnika va minglab harbiylarini kuzatuv postlarini mustahkamlash uchun yuborgan.

Turkiya yuzlab harbiylarini Idlibdagi kuzatuv punktlarini mustahkamlash uchun yubormoqda / AFP

9 fevral kuni turkiyalik besh nafar harbiy Idlibda Suriya hukumati armiyasi tomonidan yo‘llangan artilleriya zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. Bu Turkiya Suriyada so‘nggi kunlarda ikkinchi marta yo‘qotishga uchrashi bo‘ldi - fevral oyi boshida suriyaliklar hujumidan 8 nafar turkiyalik harbiy halok bo‘lgandi.

Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Oqarning ma'lum qilishicha, Suriya armiyasi Turkiyaning Idlibdagi to‘rtta kuzatuv posti va ikki harbiy bazasini o‘rab olgan.

Vazir turk harbiylari Suriya shimolidagi 12ta kuzatuv postlarini tark etmasligi va askarlar «missiyani davom ettirishi»ni ma'lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya harbiylariga Suriya armiyasi hujumiga javoban yanada qat'iyroq choralar ko‘rish topshiriq qilingan.
 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Suriya shimolida hukumat qo‘shinlari zarbasi oqibatida yana birorta turk harbiysi halok bo‘lgudek bo‘lsa, aviatsiya ishga solinishi mumkinligi bilan tahdid qilgan.

Anqarada chiqish qilgan Erdo‘g‘an Turkiya fevral oyi oxirigacha Bashar Asad qo‘shinlarini turklarning Suriya shimoli-g‘arbidagi kuzatuv punktlari yaqinidan surib tashlashini aytgan.

«Zarurat tug‘ilsa, biz barcha vositalarni - quruqlikdagi va havodagi kuchlarni ishga solishimiz mumkin», degan u.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an rus harbiylarini Idlibda tinch aholi vakillariga hujum uyushtirishda ayblagan. Uning aytishicha, ayni vaqtda RF harbiylari va Eron ta'siridagi kuchlar Suriya shimolidagi odamlarga hujumlar uyushtirmoqda.

Erdo‘g‘an turk harbiylariga har qanday hujumga javob qaytarilishini ta'kidlagan.

Kreml tashvishda
Idlibda keskinlashayotgan vaziyat Kremldagilarda ham xavotir uyg‘otgan, Rossiya tomoni suriyalik va rossiyalik harbiylarga hujumlarni to‘xtatishga hamda Turkiya bilan kelishuvga rioya qilinishiga chaqirmoqda.

«Bu avvaldan muhim edi va muhimligicha qoladi. Albatta, Suriya qurolli kuchlari va Rossiyaning harbiy obektlariga qarshi qaratilgan har qanday terrorchilik harakatiga javob qaytariladi», - dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Peskov Turkiyani Idlibni terrorchilardan xoli qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmaganlikda ayblagan.

«Biz Idlibdagi bunday kutilmagan dushmanlik harakatlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi deb hisoblaymiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Kreml matbuot xizmati xabar berishicha, RF va Turkiya prezidentlari o‘zaro telefon muloqotida Idlibdagi vaziyat haqida gaplashishgan. Siyosatchilar qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazishga kelishishgan.

Mavzu
Idlib mojarosi
2019 yil dekabrida Suriya armiyasi Idlibni to‘liq egallash uchun yurish boshladi. Turkiya esa Suriya shimolidagi ittifoqchilarini himoya qilish uchun bu hududdagi kuzatuv postlariga minglab harbiylarini jo‘natdi va ikki tomon o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bera boshladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top