11:20 / 12.02.2020
7
115466

Said Abdullaxon taxtdan voz kechganiga 100 yil bo‘ldi. Uning qismati qanday kechgandi?

Bundan roppa-rosa 100 yil oldin Xivaning so‘nggi xoni Said Abdullaxon sovetlar hukumati bosimi ostida taxtdan rasman voz kechgandi. U va oilasining keyingi qismati fojiali bo‘ldi.

Said Abdulla G‘oziy – Xivaning so‘nggi xoni

Said Abdullaxon qadimiy Xorazmning poytaxti Xiva shahrida XVIII asrdan boshlab hukmronlik qilgan o‘zbeklarning qo‘ng‘irot qavmiga mansubdir. U 1871 yilda tug‘ilgan. Otasi Muhammad Rahimxon II Feruzxon taxallusi ostida ijod qilgan mashhur shoir, Rossiya generali va davlat arbobi bo‘lgan. Muhammad Rahimxon II 1910 yilda vafot etgach, taxtga to‘ng‘ich o‘g‘il Asfandiyorxon o‘tiradi.

XIX asr oxirida Xorazm davlati Rossiya protektoratiga aylangan va Xiva xonligi deb atala boshlagandi. Rossiya imperiyasi qulaganidan so‘ng, mustaqil Xorazm davlatini tashkil qilishga urinishlar boshlanadi. 1918 yil bahorida xonlikdagi parokandalikdan foydalangan turkman-yovmut qabilasi sardori Junaidxon harbiy to‘ntarish qilib, Asfandiyorxonni o‘ldirdi va taxtga uning ukasi Said Abdullani o‘tqazdi. Lekin amalda bosh vazir sifatida xonlikni Junaidxon boshqardi. Said Abdullaxon esa «qo‘g‘irchoq xon»ga aylanadi. Balki mana shu holat keyinchalik uning hayotini saqlab qolgan bo‘lishi ham mumkin.

XX asr boshida Xiva

1919 yilning kuzida Moskvada sovetlar hukumati tomonidan Xiva xonini ag‘darish haqida qaror qabul qilingan va Xorazmga Qizil Armiya qismlari yuborilgan. 1920 yil yanvar oyida Junaidxon lashkarlari sovetlar tomonidan yakson qilinadi. Uning o‘zi esa Afg‘onistonga qochib ketdi. Xiva xoni Said Abdullaxon va uning oilasi Butunrossiya favqulodda komissiyasi (Vserossiyskaya chrezvichaynaya komissiya - VChK) tomonidan hibsga olinadi. 2 fevral kuni sovet hukumati bosimi ostida u rasman taxtdan voz kechgan.

Xon va uning oilasi ustidan qisqa sud jarayoni 1920 yil yozida bo‘lib o‘tadi. Hukmga ko‘ra, Said Abdullaxon va uning taxtiga vorislik qilish huquqiga ega bo‘lgan erkak qarindoshlari Xorazm Xalq Sovet Respublikasidan badarg‘a qilinadi. Barcha mol mulki – pullari, qimmatbaho buyumlari, uylari, yerlari musodara qilinadi. Said Abdullaxon bilan uning uch o‘g‘li (kenja Said Abdulla, Rahmatulla, Yoqub Yusuf), akasi Muhammadyor va 4 jiyani (Abdurasul, Madyor, Nosir, Ibodulla) ham Xorazmdan badarg‘a qilingan.

Xon va yaqin qarindoshlarining keyingi hayoti haqidagi tarixiy ma'lumotlar juda kam. Biroq, 2019 yil dekabr oyida Kiyevdagi «Yaroslavov Val» nashriyoti yozuvchi Grigoriy Guseynovning «Sharqdan esgan shamol» (ukrain tilida - «Viter zi sxodu») nomli kitobini nashrdan chiqaradi. Unda Xivaning so‘nggi xoni Said Abdullaxon va uning oilasi haqidagi shu paytgacha noma'lum bo‘lgan ma'lumotlar to‘plangan.

Grigoriy Guseynovning «Sharqdan esgan shamol» kitobi muqovasi

Grigoriy Guseynov kelib chiqishi ozarboyjonlik bo‘lgan yozuvchi va jurnalist, «Kurer Krivbassa» adabiy jurnali bosh muharriri. Qirqdan ortiq kitoblar muallifi va adabiyot sohasidagi 20dan ortiq mukofotlar, shu jumladan, Ukraina madaniyati, adabiyoti va san'ati sohasidagi eng oliy – Taras Shevchenko nomli milliy mukofot laureati hisoblanadi.

Guseynov 1980-yillar boshida, Krivoy Rog shahrida Xivaning so‘nggi xoni Said Abdullaxonning jiyani Abdurasul bilan tasodifan tanishib qolgan. Shundan so‘ng, uch yil davomida u bilan muloqotda bo‘lib, o‘tmish xotiralarini yozib olgan.

Abdurasul Madiyorov – Said Abdullaxonning akasi Muhammadyorning o‘g‘li. Uning qismati ham og‘ir bo‘lgan. Badarg‘a qilinganidan so‘ng, o‘z kuchi bilan kichik kulba qurib, Ukrainada yashaydi va oddiy otboqar bo‘lib ishlaydi. Urush paytida nemislar tomonidan katta qizi bilan birga Germaniyaga ishga olib ketiladi. Ozod bo‘lib qaytib kelganidan so‘ng, temir rudasi konida oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi. Ukrainada 91 yoshida vafot etadi.

Said Abdullaxon va qarindoshlarining badarg‘a qilingandan keyingi hayotini Abdurasul Madiyorov so‘zlari asosida Grigoriy Guseynov o‘z kitobida batafsil yoritib bergan.

Badarg‘a qilinganlar dastlab Xivadan Toshkentga olib ketiladi. Keyin Rossiyaning Samara shahriga, u yerdan esa Moskva oblastidagi tutqunlar lageriga o‘tkaziladi. 1922 yil 12 fevral kuni Said Abdullaxon va uning qarindoshlari kutilmaganda ozod qilinadi. Ular Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatidagi Verxovsevo qishlog‘idan qo‘nim topishadi. Mahalliy sovxozda ishlab, otboqarlik qilishadi. 1924 yili Abdurasul Madiyorov militsiya maktabiga o‘qishga kiradi. Qolganlar esa Krivoy Rog shahridagi temir rudasi koniga jo‘natiladi. Qo‘lida na bir hunar bo‘lgan, mahalliy tilni bilmagan xivaliklar eng oddiy ishlarga qo‘yiladi. Xususan, Said Abdullaxon qorovul bo‘lib ishga kiradi, qolganlar otboqarlik qilishadi.

Krivoy Rog shahridagi temir rudasi konlaridan biri

1925 yili Xorazmdan sobiq xon oilasining qolgan a'zolari qashshoqlikda, tilamchilik qilib yashayotgani haqida noxush xabarlar keladi. Shundan so‘ng, badarg‘a qilinganlar Xivaga qaytishni so‘rab, Davlat siyosiy boshqarmasiga (GPU) murojaat qilishadi. Ammo sovet hukumati «aholi qatlamlariga ta'sir qilishi mumkin» degan sababni ko‘rsatib, xon oilasining vataniga qaytishiga ruxsat bermaydi.

1926 yili Abdurasul Madiyorov militsiya maktabini tashlab, qarindoshlari oldiga qaytib keladi.

1930-yillarda sobiq ittifoqning barcha hududlarida, jumladan Ukrainada ham misli ko‘rilmagan qahatchilik va ommaviy ocharchilik bo‘lib o‘tadi. Bunday og‘ir sinovlarni ko‘tara olmagan keksa Said Abdullaxon dizenteriya bilan kasallanib, konchilar shifoxonasiga yotqiziladi va bir oydan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan. Xorazmning sobiq hukmdori 62 yoshida konchilarning qabristonida ko‘miladi. Uning qabri vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketgan va hozirda ham qayerdaligi noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Xonning oila a'zolari qismati ham fojialardan xoli bo‘lmadi. Akasi Muhammadyor badarg‘a qilingan paytda 70 yoshli keksa edi. Mehnatga yaroqsizligi tufayli ocharchilik yillarida tilamchilik bilan kun ko‘rgan. Jiyani Ibodulla yoshligidan qulog‘i kar bo‘lgan va butun umri davomida deyarli ishlamagan. Konchilar do‘koni yaqinida tilamchilik qilib yurganida tasodifan yuk mashinasi tagida qolib, halok bo‘lgan.

Xonning o‘limidan keyin, 1933 yili uning qarindoshlariga O‘zbekistonga qaytishga ruxsat beriladi. Said Abdullaxonning o‘g‘illari Rahmatulla va Yusuf Yoqub Toshkentga, qarindoshlari oldiga ko‘chib borishadi. Akasi Muhammadyor ham Toshkentga borib, 1936 yilda o‘sha yerda vafot etadi.

Xonning yana bir o‘g‘li, kenja Said Abdulla ukrainalik xotini bilan O‘zbekistonga qaytadi. Bir necha yillar davomida tarjimon, keyinchalik O‘sh shahrida geolog-razvedkachi bo‘lib ishlaydi. 1941 yilda mashinasida odam urib yuboradi va 5 yilga qamalib chiqadi. 1960-yillarning boshida vafot etadi.

Qayd etish joizki, xonning avlodiga sovet ittifoqining istalgan joyida yashashga ruxsat berilgan, ammo Xivaga qaytish taqiqlangan edi. Xonning Ukrainada oilali, bola-chaqali bo‘lib olgan boshqa qarindoshlari Krivoy Rog shahrida qolib ketishgan.

Grigoriy Guseynovning yozishicha, Abdurasul Madiyorov umrining oxirida, 1990 yili qisqa muddatga Xivaga sayohat qilib, mashhur ajdodlarining qabrlarini ziyorat qiladi. U 70 yil davomida vatanida bo‘lmagan edi... Abdurasul Madiyorovning avlodlari hozirgi vaqtda ham Ukrainada yashamoqdalar.

Nurmuhammad Said tayyorladi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top