18:34 / 13.02.2020
12
92808

Stipendiya islohoti: 5ta asosiy o‘zgarish

1 fevraldan talabalar stipendiyasi bo‘yicha yangi tartib o‘rnatildi. Kun.uz muxbiri hukumatning 13 sahifalik qarorida belgilangan asosiy o‘zgarishlarni tahlil qiladi.

So‘nggi vaqtlarda Kun.uz saytiga fuqarolar tomonidan yangi stipendiya tizimi va bu tizim bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bo‘layotgani haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Bu mazmundagi so‘rovlar 7 fevralda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanidan keyin ham davom etyapti.

Shuni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020 yil 31 yanvar kuni qabul qilingan «Oliy ta'lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha asosiy o‘zgarishlarga izoh berib o‘tishga qaror qildik.

Yangi tartib bo‘yicha talabalarda 770 ming so‘mgacha stipendiya olish imkoniyati bor

Hukumat qarorida 2020 yilning 1 fevralidan boshlab quyidagi o‘zgarishlar joriy qilinishi belgilab qo‘yilgan:

  • davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shakli (o‘qitishning kunduzgi shakli) bo‘yicha ta'lim olayotgan talabalarni (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) qat'iy belgilangan miqdordagi bazaviy stipendiya bilan ta'minlash;
  • o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan faqat «a'lo» o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi – 86 ball va undan yuqori) ega bo‘lgan talabalarning stipendiyasini bazaviy stipendiyaga (428 ming so‘m – tahr.) nisbatan 20 foizga oshirilgan holda belgilash;
  • davlat granti asosida ta'lim olayotgan talabalarga o‘quv semestri yakuni bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 30 foiz yoki undan ortiq qismi «qoniqarli» baho (reyting ko‘rsatkichi – 71 balldan kam) bo‘lganda navbatdagi o‘quv semestri davomida stipendiya tayinlamaslik;
  • to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan hamda to‘liq davlat ta'minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovlarini respublika budjetidan amalga oshirish.

513,6 ming so‘m bu – endilikda fanlarni «a'lo» bahoga o‘zlashtirgan talaba avtomatik tarzda oladigan stipendiya hisoblanadi.

Albatta, bu hali «a'lochi» talaba olishi mumkin bo‘lgan stipendiya miqdorining chegarasi emas. Alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha talabalar belgilangan stipendiyalarga nisbatan Jamg‘arma hisobidan (Jamg‘arma haqida sal keyinroq) qo‘shimcha ravishda 50 foizgacha miqdorda rag‘batlantirilishi mumkin.

Unga ko‘ra, yuqorida sanalgan jihatlarga ega talaba tegishli o‘rganishlarga ko‘ra, komissiya xulosasi asosida bazaviy stipendiyaning qo‘shimcha 50 foizigacha miqdorida rag‘batlantirish olishi mumkin.

Demak, fanlarni «a'lo»ga o‘zlashtirgan va yuqorida sanalgani kabi iqtidorli yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar jami bo‘lib 770 400 so‘m miqdorida stipendiya olishlari mumkin.

Hozir ko‘pchilik talabalarda shunday tushuncha bo‘lmoqdaki, ular bazaviy stipendiyadan (428 ming so‘m) tashqari beriladigan qo‘shimcha miqdordagi summalarni faqat bir marta olish mumkin, deb o‘ylab qolishmoqda. Yo‘q, bunday emas. Talaba fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga va yuqorida sanalgan xususiyatlarga ko‘ra, to‘liq bir semestr davomida 770 ming so‘mgacha miqdorda olishi mumkin.

Stipendiyasiz kontrakt to‘lagan talabaga ham yuqoridagi rag‘batlantirish to‘lovlari amalga oshiriladi. Ya'ni “a'lochi” talaba 20 foiz (85,6 ming so‘m) avtomatik tarzda, yana 50 foizgacha - 256,8 ming so‘m bir semestr davomida rag‘batlantirib boriladi.

Davlat granti asosida o‘qiyotgan talabalarning o‘qishdagi mas'uliyati oshadi

Qaror bo‘yicha keyingi band izohiga o‘tamiz. Mazkur bandga ko‘ra, o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi «qoniqarli» baho (reyting ko‘rsatkichi – 71 balldan kam) bo‘lgan davlat granti asosida ta'lim olayotgan talabalar navbatdagi o‘quv semestri davomida stipendiya tayinlamaslik sharti belgilangan (bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno).

Unga ko‘ra, endilikda davlat granti asosida ta'lim oladigan talabalar o‘qishga va yakuniy imtihonlarga jiddiyroq yondashishlari kerak bo‘ladi. Aks holda, ular bir semestr davomida stipendiyasiz qolib ketishi mumkin.

Bu tartibga Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov 7 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida izoh bergan edi.

«Bugungi kunda O‘zbekistonda jami 88 ming talaba davlat granti, 278 ming talaba esa kontrakt asosida o‘qiydi. Shuncha talaba orasida davlat granti bilan o‘qiyotgan talabalar esa, albatta, qolganlardan o‘qishi bilan farq qilishi kerak.

Hukumat esa adolat va ijtimoiy himoya prinsiplaridan kelib chiqqan holda budjetdagi talabalar uchun 3 baho olmaslik shartini 30 foizgacha qoldirdi», – dedi u.

Ta'kidlash o‘rinliki, bu tartibda baholar talabaga o‘tilgan umumiy fanlarga nisbatan hisoblanadi.

Nogironligi bo‘lgan, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum talabalarga davlat yordami ko‘paydi

Qarorga asosan, endilikda nogironligi bor, to‘liq davlat ta'minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum talabalarga stipendiya respublika budjeti hisobidan to‘lanadi.

Bu toifadagi talabalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ilk marta qonuniy tartibda belgilab qo‘yilmoqda. Bungacha ular kontrakt mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib kelingan.

Shuningdek, ular ham fanlarni «a'lo»ga o‘zlashtirgan holda eng yuqori miqdordagi stipendiya – 770 ming so‘m olishi mumkin qilib qo‘yildi.

Bu kabi qo‘llab-quvvatlash davlat granti asosida o‘qiydigan shu toifadagi talabalarga ham amal qiladi.

manzur.uz

4 280 000 so‘mgacha miqdorda bir martalik rag‘batlantirish va moddiy yordam

Yuqoridagilardan tashqari, davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan (shu jumladan stipendiyasiz kontrakt to‘lagan ham-tahr.) alohida iqtidorga ega, xalqaro, respublika va OTM miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblari bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha (428 000 * 10 = 4 280 000) rag‘batlantirish olishlari mumkin.

Shuningdek, OTMlar kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda ham (kasalligi yoki oila a'zolarining vafoti kabi) talabalarga 4 280 000 million so‘mgacha moddiy yordam to‘lanishi mumkinligi belgilandi.

Ta'kidlash kerak, bu rag‘batlantirish va moddiy yordam talabaga bir marta beriladi.

Foto: PhotoXpress

Jamg‘arma haqida

Qarorda rag‘batlantirish to‘lovlarini mablag‘ bilan ta'minlash manbayi etib Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi ko‘rsatilmoqda. Jamg‘arma 2020 yil 1 fevraldan tegishli moliya yili uchun OTMlarda stipendiya to‘lovlari uchun rejalashtirilgan budjet mablag‘lariga nisbatan 10 foiz hamda to‘lov-kontrakt bo‘yicha rejalashtirilgan tushumlarning 2 foizi miqdoridagi mablag‘lar hisobiga tashkil etiladi.

Hujjatda rag‘batlantirishning shaffofligini ta'minlash maqsadida, Jamg‘arma kengashi tarkibida Talabalar kengashi hamda Yoshlar ittifoqi vakillari ishtirok etishi belgilab qo‘yilgan.

Xo‘sh, Talabalar kengashining o‘zi qanchalik shaffof ishlaydi va korrupsiyadan xoli bo‘ladi?

Shu mazmundagi savol 7 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan o‘tkazgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonovga berilgan edi.

Uning aytishicha, jarayonda OTMdagi Talabalar kengashi jamoatchilik nazorati vazifasini bajaradi.

«Har bir oliygohda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor raisligida Stipendiya komissiyasi tashkil etiladi. Dekan, o‘qituvchilar, Yoshlar ittifoqi a'zolaridan iborat ushbu tuzilma rag‘batlantiruvchi stipendiya tayinlashda vakillik huquqiga ega bo‘ladi.

Talabalar kengashi xulosasi asosida ushbu komissiya qaysi talabaga rag‘batlantiruvchi stipendiya tayinlashni hal qiladi», – dedi Buzrukxonov.

Xulosa o‘rnida

Xo‘sh, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga stipendiya tartibini o‘zgartirish nega kerak bo‘ldi?

Javob sifatida aytish mumkinki, O‘zbekiston hukumati oliy ta'lim va qurilish sohalarini korrupsiyadan xoli sohalarga aylantirish bo‘yicha tegishli hujjatlar ishlab chiqqan. Albatta, hujjat ijrosi bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mutasaddilari o‘rtasida tizimdagi korrupsiya bo‘g‘inlarini aniqlash bo‘yicha ham tahlillar qilingan.

Tabiiyki, bu tizimdagi eng ko‘p korrupsiya oliy ta'limga qabul va sessiya jarayonlarida kuzatiladi.

Qabul jarayonidagi korrupsiyaning oldini olish maqsadida bir necha yillardan buyon turli o‘zgarishlar qilinmoqda. Buni so‘nggi vaqtlarda test jarayonidagi qoidabuzarliklar ancha kamayishida ham kuzatyapmiz.

Mantiqan olganda ham, endigi navbat sessiya jarayonidagi korrupsiyaga barham berish va uni yuzaga keltirayotgan omillarni yo‘qotishga qaratilishi kerak edi.

Hozirgi o‘zgarishlar, fikrimizcha, ayni shu maqsadda qilinmoqda.

Ilyos Safarov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top