08:07 / 14.02.2020
0
66741

Xitoyda koronavirusdan bir kun ichida 116 kishi vafot etdi. Virusdan davolashning samarali usuli topildi

Foto: EPA-EFE/YUAN ZHENG

Xitoyda koronavirusdan bir kun ichida 116 kishi vafot etdi, kasallanganlar soni 4823 nafarga oshdi. Bu orada xitoylik tibbiyotchilar virusni davolashning samarali usulini topishganini ma'lum qilishdi.

12 fevralda koronavirusdan kasallanganlar va vafot etganlar soni keskin oshib ketgandan keyin 13 fevraldagi ma'lumotlar biroz taskin beruvchi ko‘rinadi. Biroq virusning tarqalishi sur'atlari yuqoriligicha qolmoqda. Virusdan vafot etganlarning umumiy soni 1426 nafarga yetdi.      

13 fevraldagi qurbonlarning aksariyati, ya'ni 88 nafari virus tarqalish o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahrida yashagan.  

Bir kun avval virusdan 241 kishi vafot etgani, kasallanganlar soni bir kun ichida 14840 nafarga ko‘paygani ma'lum qilingandi. Kasallanish holatlari sonining avvalgi kunlarga qaraganda bunday keskin oshib ketishi virus diagnostikasining yangi usuli qo‘llanishi boshlangani bilan tushuntirilgandi. 

Shuningdek, Xitoy ortida kasallanganlar soni 500 nafardan oshdi. Ta'kidlanishicha, 63 mingdan ko‘proq kasallanish holatidan 505 tasi xorijiy davlatlarda qayd qilingan.

Xitoydan tashqarida kasallanganlardan deyarli yarmi Yaponiyaga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, Singapurda 60 ga yaqin, Tailand va Janubiy Koreyada 30 nafardan odam kasallikka chalingan. Shuningdek, Germaniyada 16 ta, Avstraliyada 15 ta va Fransiyada  11 ta kasallanish holati qayd etilgan.  

Bu orada xitoylik shifokorlar virusdan davolashning samarali usulini topishganini ma'lum qilishdi. Ta'kidlanishicha, ular virusga chalinganlarga undan sog‘ayib ketgan odamlar qoni plazmasini quyishmoqda. Bu haqda Uxandagi shifoxona rahbari Chjan Dinyuy matbuot anjumanida ma'lum qilgan. 

Mutaxassislarning tushuntirishicha, kasallikni yenggan ba'zi odamlarning qonida koronavirusga qarshi kurashda yordam beruvchi antitanalar topilgan. 

Global Times nashrining xabar berishicha, ushbu usul yordamida og‘ir ahvolda bo‘lgan 10 bemorni davolashga muvaffaq bo‘lingan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top