20:25 / 17.02.2020
0
3841

Jizzaxda ishchi guruh ehtiyojmand ayollar muammolarini hal etishga ko‘maklashdi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollardan 15 nafariga 34,5 million so‘m moddiy yordam, 6 nafariga zamonaviy tikuv mashinasi, 7 nafariga farzandlari salomatligini tiklashi uchun sanatoriylarga bepul yo‘llanma berildi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida viloyat hokimligida o‘tkazilgan xotin-qizlarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash, bandligini ta'minlash, daromadlarini ko‘paytirish, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi yig‘ilishida ishtirok etdi.  

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi boshchiligida Respublika mahallalar kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda “Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimlaridan iborat ishchi guruhi navbatdagi faoliyatini Jizzax viloyati Paxtakor tumanida olib bordi. Ular hududning 14 ta mahallasidagi 380 dan ziyod oiladagi xotin-qizlar bilan muloqot o‘tkazib, ularning murojaatlarini o‘rganib chiqdi.

Ishchi guruh tavsiyasi bilan ijtimoiy og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan moddiy-ma'naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollardan 15 nafariga 34,5 million so‘m moddiy yordam, 6 nafariga zamonaviy tikuv mashinasi, 7 nafariga farzandlari salomatligini tiklashi uchun sanatoriylarga bepul yo‘llanma berildi.

Tumanga ikkita turar joy binosi qurilishi uchun 6 milliard so‘mlik sertifikatlar topshirildi.

Tanzila Norboyeva shuningdek, xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputatlari bilan uchrashdi.  

Parlament yuqori palatasi raisi o‘z nutqida mahalliy Kengashlar oldida O‘zbekiston prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarga to‘xtaldi. Viloyat, tuman, shahar Kengashlari faoliyatini jonlantirish vaqti kelganligiga alohida urg‘u berdi.

Tanzila Norboyeva o‘z nutqida endi har oyda mahalliy Kengashlarda davlat organi rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlash, qonun, farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarni ijro etish yuzasidan mas'ul idora va tashkilotlarning axborotlari eshitilib, faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarga tegishli choralar ko‘rish amaliyoti joriy etilishi zarurligini ta'kidladi. Prezident tomonidan Kengash so‘rovi institutini joriy etish taklifi kiritilgani va bu bo‘yicha ham qonunchilikka o‘zgartirish kiritish yuzasidan ishlar boshlangani xususida so‘z yuritdi.

Shu bilan birga, deputat so‘rovi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga g‘amxo‘rlikni oshirish, joylarda deputatlar xonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top