00:37 / 18.02.2020
0
10906

Grenlandiya muzliklarning erigan suvini sotishni rejalashtirmoqda 

Foto: Global Look Press

Grenlandiya hukumati muzliklarning erigan suvini eksport qilmoqchi. Bunday suvga global issiqlik tufayli qurg‘oqchil hududlarda talab katta bo‘lishi mumkin.

Bu haqda Der Tagesspiegel nashriga intervyuda Grenlandiyaning sanoat va energetika vaziri Yyess Svane ma'lum qildi.   

“Biz suvimiz qanchalik tozaligini, uning zaxiralari qancha ekanini va undan iqtisodiy tomondan necha yil foydalana olishimiz mumkinligini ko‘rsatgan tadqiqot o‘tkazdik. Hozir biz butun dunyoga aytishimiz mumkinki, bizda katta hajmda toza suv bor va biz undan foydalanishni taklif qilamiz”, deb aytgan vazir. 

“Global issiqlik – dunyodagi suv tanqisligining sabablaridan biridir. Grenlandiyada minglab yillar davomida erigan suv mavjud. Hozirda biz bozorga boshqa hech kimda yo‘q bo‘lgan ushbu mahsulot bilan chiqishimiz mumkinligini tushundik”, deb ta'kidlab o‘tgan Svane.

Uning aytishicha, sayyoramizda ichimlik suvining tanqisligi tobora ortib boradi va shu sababli orol hukumati muzliklar suvini Grenlandiyani dunyoga tanituvchi mahsulotga aylantirmoqchi. Agar muzliklar suvi eksport qilinmasa, u bekorga oqib ketadi.

Vazirning ta'kidlashicha, iqtisodiyotning erigan suv hisobiga diversifikatsiya qilinishi Grenlandiyaga Daniyadan ko‘proq darajada mustaqil bo‘lishda yordam beradi. 

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda muzliklar suvini eksportga tayyorlayotgan 9 ta loyiha bor va ular tegishli litsenziyalarni olgan. 

Iqlimshunoslar ma'lumotlariga ko‘ra, Grenlandiya qirg‘oqlari yaqinidagi ko‘p yillik muzliklarning katta zaxiralari Akrtikaning boshqa hududlaridagi muz qoplamiga qaraganda ikki marta tezroq qisqarmoqda.  

Ta'kidlab o‘tish joiz, Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibiga kiradi va 2009 yildan keng muxtoriyat maqomiga ega. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top