22:45 / 18.02.2020
2
28165

Prezident farmoni: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi

Prezident farmoni bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. FHDYo organlari DXA tasarrufiga o‘tkaziladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentining «Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan vazirlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Hujjatda belgilanishicha, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosari – vazirga hamda vazirlik hududiy bo‘linmalari boshliqlari birinchi o‘rinbosarlari – vazirlik hududiy bo‘linmalari boshliqlariga tenglashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari o‘zlariga yuklatilgan funksiyalarga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:

  • vazirlikka tegishli vazifalarni amalga oshirish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;
  • vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlardan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma'lumotlarni so‘rash va olish;
  • davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab sudlarga ariza (shikoyat) va da'volarni kiritish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish.

Hujjat bilan, Iqtisodiyot va sanoat, Moliya, Qurilish vazirliklari, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

  • har bir mahallada tadbirkorlik sub'yektlari – yuridik shaxslarni faol jalb qilish hisobiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi kompleksini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moddiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, aholini ish bilan ta'minlash borasidagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolar yig‘inlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijtimoiy dasturlar, shu jumladan «Har bir oila – tadbirkor» dasturi, «Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi», «Yoshlar – kelajagimiz» dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Hujjat bilan, 2020 yil 1 iyulga qadar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar markazlarida «Mahalla markazi» majmualari binolari namunaviy loyihalar va ularga qo‘yilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta'mirlash), shuningdek, ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi bilan jihozlash;

«Mahalla markazi» majmualarida vazirlikning hamda O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining hududiy bo‘linmalarini joylashtirish ishlarini yakunlash belgilab qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar «Mahalla» elektron ma'lumotlar bazasini yanada takomillashtirish, axborot xavfsizligini ta'minlash va o‘zaro ma'lumot almashinuvini joriy etish choralarini ko‘radi.

Vazirlik boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda – 2 baravarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarida – 1,5 baravarga, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida – 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llanilishi belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 1 apreldan boshlab, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

  • Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident mahalla tizimidan xalq ham, davlat ham to‘la rozi emasligini, bu sohada kamchilik va dolzarb masalalar ko‘pligini ta'kidlagan hamda Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifini bildirgandi
  • 18 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rahbari lavozimiga «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi Rahmat Mamatov nomzodini ma'qullashdi.
     
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top