19:53 / 18.02.2020
4
13524

«Qonun chiqarishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak» – Nurdinjon Ismoilov «Human» ishi haqida

Kechagi voqealar hammamizga saboq bo‘lsin, dedi parlament quyi palatasi rahbari.

Nurdinjon Ismoilov / Foto : KUN.UZ

18 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda palata spikeri Nurdinjon Ismoilov «Human» xususiy bandlik agentligi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Kuni kecha sodir bo‘lgan voqealarni hammamiz ko‘rdik. Va kechagi voqealar hammamizga saboq bo‘lsin. Balki o‘sha paytda qonun mukammal bo‘lmagandir, balki litsenziya beruvchi tashkilotlardan nazorat jarayonida xato o‘tgan bo‘lishi mumkin», – dedi Nurdinjon Ismoilov.

Uning qayd etishicha, tashkilot tuzib odamlarni aldaganlar bilan bog‘liq vaziyat, albatta, oxirigacha yechimini topadi.

«Biroq biz qonun qabul qilishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Ayniqsa, kredit va pul masalalaridagi qonun loyihalariga alohida e'tibor bilan yondashish zarur», – deya qo‘shimcha qildi spiker.

Eslatib o‘tamiz, «Human» agentligi rahbari Shohinur Fayzullayev o‘tgan oy oxirida 1080 nafar fuqaroning 21 mlrd. so‘m ekvivalentdagi mablag‘ini o‘zlashtirib yuborganlikda aybdor deb topilgan edi.

Jabrlanuvchilar 17 fevral kuni Mustaqillik maydoni yaqinida yig‘ilishgach, u yerga hukumat rasmiylari va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib bordi.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident topshirig‘i bilan jabrlanuvchilarning pullari 3 kunda istisno tariqasida davlat mablag‘lari hisobidan qaytarib berilishi ma'lum qilindi.

Aripov, shuningdek, xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga taqiq qo‘yilishi bo‘yicha taklif kiritilishini bildirdi.

«Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonun 2018 yil oktabr oyida kuchga kirgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top