15:30 / 19.02.2020
0
3756

O‘zbekistondagi infratuzilma tranzit habi bo‘lish uchun qanchalik tayyor? Aziz Abduhakimov javob berdi

Bosh vazir o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning tranzit hab sifatida salohiyati, parvozlar yo‘nalishi va aviakerosin narxi haqida gapirdi.

Toshkent shahrida «Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum» (UAALF-2020) xalqaro aviatsiya forumi davom etmoqda. Forumning 1-sessiyasidan keyin bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Kun.uz muxbiriga intervyu berdi.

Buguni kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda tranzit hab sifatida qay darajada raqobatbardosh bo‘lishi mumkin?

– Birinchidan, shuni aytish kerakki, O‘zbekiston ko‘p mamlakatlar bilan vizasiz rejimga ega. 101ta mamlakat fuqarolariga nisbatan O‘zbekistonda 5 sutka bo‘lish rejimi amal qiladi. Bu ham bizning tranzit salohiyatimiz sanaladi.

O‘zbekiston geografik nuqtayi nazardan juda qulay joylashgan. Janubi-sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq, Yevropaga deyarli barcha reyslar O‘zbekistonni kesib o‘tadi. Bunday qulay joylashuv, qulay iqlim sharoitlaridan samarali foydalanishimiz mumkin.

Bundan tashqari, biz aviakerosin bo‘yicha qulay sharoitlar yaratish va aeroportlarda xizmat ko‘rsatish narxlari bo‘yicha ish olib boryapmiz. O‘zbekistonning hududiy aeroportlarida narxlar kamida 30 foizga pasaytiriladi. Bu ham investitsion va tranzit jozibadorlikni oshiradi.

Havo makoni, ko‘p sonli aviakompaniyalar parvozlari vaqtida O‘zbekistonga kelishi – bu ham biz uchun muhim yo‘nalish. Buning uchun yangi tizim yaratilyapti. U xorijiy aviakompaniyalarga O‘zbekiston hududidan uchib o‘tishga tezda ruxsat olish imkonini beradi.

Umuman olganda, O‘zbekiston ham tarixiy, ham geografik, ham iqlim jihatidan mintaqada tranzit hab bo‘lish eng jozibador sharoitlarga ega.

Tranzit habi sifatida qaysi yo‘nalishlarga e’tibor kuchaytiriladi? Janubi-sharqiy Osiyogami?

– Tabiiyki, parvozlar nuqtayi nazaridan, eng katta oqimlar asosan Janubi-sharqiy Osiyo va Yevropa hamda Yaqin Sharq yo‘nalishlari. Bu yerda biz ana shu parvozlar uchun tranzit punktga aylanishni rejalashtiryapmiz.

O‘zbekistondagi infratuzilma bunga qay darajada tayyor va bu qachon amalga oshiriladi?

– Bir qator aeroportlar rekonstruksiya qilindi. Endi samolyotlarning barcha turlarini qabul qilish mumkin. Bundan tashqari, hozirda bir qator mintaqaviy aeroportlarning darajasini oshirish bo‘yicha rejalar bor. Samarqand aeroporti bo‘yicha katta rejalar mavjud. Termizda katta ishlar olib borildi. U yerda uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘yicha ishlar oxiriga yetkazilmoqda.

Bilasizki, Toshkentda ham ikkinchi aeroportni ishga tushirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Navoiy yuk aeroportida ham katta ishlar amalga oshirildi. Afsuski, uning tranzit imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmagan. Infratuzilma nuqtayi nazaridan bizda hamma narsa bor, barchasi tayyor. Biz ularni maksimal darajada raqobatbardosh qilish ustida ishlashiimiz kerak.

Birinchi navbatda, aeroportlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxlari boshqa raqobatchi aeroportlarga qaraganda jozibador va qulay bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, bu kerosin narxi. Bu aviakompaniyalarining tranzit punkti sifatidagi tanloviga ta’sir ko‘rsatadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top