10:43 / 20.02.2020
0
21290

Putin bosh vazir lavozimiga Mishustinni tayinlaganining sababini tushuntirdi

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin TASS axborot agentligi intervyusida bosh vazir lavozimiga Mixail Mishustinni tayinlaganining sababini tushuntirdi. Uning ta'kidlashicha, ushbu lavozimga nomzodlarning dastlabki ro‘yxatida Mishustinning ismi hattoki bo‘lmagan.

Putinning ma'lum qilishicha, bungacha Federal soliq xizmati rahbari bo‘lgan Mishustinga ushbu lavozimni taklif qilish uning tashabbusi bo‘lgan. “Menga uch nomzod taklif qilindi, agar 4 ta bo‘lmasa. Biroq Mishustin ular orasida yo‘q edi. Hech kim uni ismini aytmagandi. Mendan tashqari”, deb aytgan Putin. 

Rossiya prezidentining ta'kidlashicha, bunday qarorga kelishda Mishustin soliq xizmatida raqamlashtirishni amalga oshirgani ham asosiy omil bo‘lmagan. “U bu sohada haqiqiy mutaxassisga aylandi. Nima qilish kerakligini, qanday qilish kerakligini biladigan, aniq natijaga erishadigan yaxshi amaliyotchiga aylandi”, deb tushuntirgan o‘z tanlovini Putin.

Rossiya yetakchisi soliq xizmati rahbari “to‘qmoq bilan yurib, odamlardan pul yulib oladigan” odam ekanligi haqidagi fikrlarga qo‘shilmasligini aytgan. Putinning aytishicha, ushbu xizmatning vazifasi soliq to‘lovchilar holatini yengillashtirish hisoblanadi. “Gap shunchaki odamdan pulni yulib olish haqida emas, balki ishni soliq to‘lovchilarga ham, davlatga ham bir-biri bilan ishlash qulay va bu qanday tashkil etilgani tushunarli bo‘ladigan qilib tashkillashtirish haqida bormoqda”, deb qo‘shimcha qilgan Rossiya rahbari.

Putin uning sobiq bosh vazir Dmitriy Medvedev bilan “tandemi” tarqalib ketgani haqidagi taxminni rad etdi. 

“Hech nima tarqalmadi”, deb javob qilgan Putin jurnalistning bu haqidagi savoliga. Uning ta'kidlashicha, u Medvedev bilan avval qanday ishlagan bo‘lsa, hozir ham shunday ishlamoqda. Bundan tashqari, Putin sobiq bosh vazir o‘z faoliyati yo‘nalishini o‘zgartirgani va “bu ham tabiiy hol” ekanini qo‘shimcha qilgan.

Putin Medvedev bilan oldindan hukumat iste'fosi masalasini muhokama qilgani, ular orasida ko‘p yillik ochiq, do‘stona munosabatlar borligi va bir-biridan yashiradigan sirlari yo‘qligini ta'kidlab o‘tgan. 

15 yanvarda Putinning Federal yig‘inga murojaatidan keyin Dmitriy Medvedev hukumatning iste'foga ketishini e'lon qilgan. Medvedev ushbu qaror Putin tomonidan konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi e'lon qilinishi bilan bog‘liq holda qabul qilinganini aytgan. U 16 yanvarda Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari etib tayinlangan, bosh vazir lavozimini esa Mishustin egallagan.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top