11:53 / 21.02.2020
1
25913

«Chempion hikoyalari». Di Mariya «Real»ning xatini yirtib tashlagani, bosib o‘tilgan og‘ir yo‘l va Messi haqida

2014 yilgi jahon chempionati finali va og‘ir o‘tgan bolalik haqida.

Foto: Getty Images

«PSJ» hujum chizig‘i haqida gap ketganda, ba'zida ko‘z oldimizga Neymar keladi, ba'zida Mbappe. Ikardi va Kavanidan qaysi biri foydali ekani haqida ham bahslashish mumkin. Ammo yarimhimoyaga kelganda, faqat bir nom atrofida to‘xtab qolamiz – Anxel Di Mariya.

Argentinalik yarim himoyachi bir necha yildan beri Parij klubining haqiqiy motoriga aylangan. Uning uchun ushbu mavsum ayniqsa samarali kechyapti – mavsum tugashiga hali ancha o‘yinlar bo‘lsa-da, u 8 gol urdi, 13 bor sheriklariga golli uzatma amalga oshirib, bu borada shaxsiy rekordini qayd etishiga yana 5 assist qoldi, xolos. Biz uchun futbolchi haqida yetarli ma'lumotdek tuyuladigan bu raqamlar ortida aslida nimalar turganini Anxel Di Mariyaning The Players Tribune loyihasiga bergan intervyusidan bilib olishimiz mumkin.

Men «Real»dan xat olganimni va o‘qib ham o‘tirmasdan, yirtib yuborganimni eslayman.

Bu 2014 yilgi jahon chempionati finalidan bir kun oldin, ertalab ro‘y bergandi. Chorak finalda sondagi mushaklarimdan jarohat olgandim, lekin og‘riq qoldiruvchi ukollar bilan o‘ynashim mumkin edi. «Nima bo‘lsa bo‘ldi, menga endi farqi yo‘q, o‘ynashni xohlayman» dedim murabbiylarga.

Terma jamoa shifokori Daniel Martines xonaga kirganida, men oyog‘imga muz qo‘yib o‘tirgandim. Uning qo‘lida konvert bor edi.

«Anxel, menga qara, senga Madriddan, «Real»dan qanaqadir hujjat kelibdi»

«Nima ekan?», – so‘radim men.

«Aytishlaricha, sen o‘ynay oladigan darajada emassan. Shuning uchun sen bugun maydonga tushishingni taqiqlashyapti».

Gap nimada ekanini tushundim. O‘shanda «Real» Xames Rodrigesni qo‘lga kiritmoqchi ekani haqida mish-mishlar ko‘paygandi. Unga joy bo‘shatish uchun esa, meni sotishmoqchi. Shuning uchun ham, ular yaxshi pulga sotish mumkin bo‘lgan «mahsulot» jarohatini kuchaytirib olishidan qo‘rqishardi. Shunaqa. Bu - futbolning boshqa, biznes deb nomlanadigan tarafi.

Men Danieldan xatni menga berishini so‘radim. Ochib ham o‘tirmay, yirtib yubordim va qutiga tashladim. Bu masalada kim qaror qabul qilishi kerak bo‘lsa, o‘sha faqat menman.

O‘sha kuni deyarli uyqu kelmadi. Braziliyalik fanatlar mehmonxona atrofida yig‘ilib olib, xalaqit berganliklari ham ta'sir qildi. Ammo nazarimda, agar ular bo‘lmaganda ham, uxlay olmagan bo‘lardim. Jahon chempionati finali oldidan, butun umr orzu qilgan hamma narsa qarshingda, ko‘z o‘ngingda turganida, uxlashning iloji yo‘q.

Finalda maydonga tushishni juda xohlardim, hatto bu menga faoliyatim yakunlanishiga sabab bo‘lsa ham. Shu bilan birga, terma jamoamga zarar keltirishni ham istamasdim, albatta. Shuning uchun, uyg‘onishim bilan, bosh murabbiyimiz janob Sabelyaning oldiga bordim. U bilan juda yaqin edik va men agar asosiy tarkibda tushmoqchi ekanimni aytsam, murabbiyni bosim ostida qoldirishim mumkin edi. Shunchaki, hamma narsaga tayyor ekanimni, o‘yinda kim o‘ynashi kerak deb hisoblasa, o‘sha futbolchini tushirishi kerakligini aytdim.

«Agar meni tanlasang, men, agar boshqa bo‘lsa, u. Men shunchaki, Jahon Kubogini yutishni istayman. Meni tanlasang, oxirigacha, sinib qolgunimcha, qo‘limdan kelganini qilishga tayyorman».

Negadir yig‘i keldi va o‘zimni to‘xtata olmay qoldim. Shunaqa palla edi, his- tuyg‘ularimni jilovlamadim ham.

O‘yin oldidan yechinish xonasi Sabelya asosiy tarkibni o‘qidi va to‘liq sport formasida bo‘lgani uchun Enso Peresni tushirishini aytdi. Men bu qarorni xotirjam qabul qildim. O‘yin oldidan va tanaffusda, mabodo kerak bo‘lib qolsam, tayyor turish uchun og‘riq qoldiruvchi ukoldan qildirib oldim.

Ammo bu sodir bo‘lmadi. Biz yutqazib qo‘ydik va afsuski, bunga ta'sir ko‘rsata olmadim. Bu hayotimdagi eng og‘ir kun bo‘lgandi. Shundan keyin matbuotda men haqimda bo‘lmag‘ur gaplar ko‘paydi, finalda maydonga tushmaganimga boshqa qanaqadir sabablar keltira boshlashdi. Lekin hozir sizlarga aytib berayotganim – ayni haqiqat.

Foto: Getty Images

Eng ko‘p o‘ylantiradigan holat, o‘shanda, murabbiyning oldida yig‘lab yuborganimda, u qanday tushungan ekan? Men uchun qiziq, asablarim dosh berolmadi, deb hisoblamaganmikin? Aslida unday emas, hech qanday asabiy emasdim. O‘ta muhim palla bo‘lgani uchun meni hayajon chulg‘ab olgandi, axir biz bir paytlar imkonsiz tuyulgan orzuga juda yaqin turgandik.

Uyimiz devorlari oq bo‘lishi kerak edi, adashmasam, lekin hech eslolmayman shuni. Avvaliga kulrang edi, keyin esa, butunlay ko‘mir rangida qorayib ketgandi. Otam ko‘mirchi edi. Konda ishlaydigan emas, uyimizning orqasida ko‘mir «yasardi». Do‘konlarda barbekyu uchun kichkina paketlarda sotib olasizlar-ku, uning ham o‘ziga yarasha mehnati bor. Rostini aytsam, juda kir va og‘ir ish.

Otam ko‘mirlarni kichik qopchalarga joylab, bozorda sotish uchun tayyorlardi. Albatta, u yolg‘iz emas, doim yonida kichik yordamchilari bo‘lardi. Maktabga borish oldidan, men va singlim barvaqt turib otamga qarashardik. 9-10 yoshlar chamasi, ko‘mir qadoqlash uchun juda mosmiz, chunki bu ish biz uchun qandaydir o‘yinga ham o‘xshab ketardi. Ko‘mir yuklangan arava kelganida, biz ularni yashaydigan uyimiz orqali hovlining orqasiga tashirdik, shuning uchun butun uyimiz ko‘mir rangida qorayib ketgandi.

Ammo tirikchilik, shu tufayli stolimizda ovqat bor, otam turli xarajatlarni, uy ijarasini shu puldan to‘lardi. Xullas, bolaligimda oilamiz yomon yashamasdi, lekin keyin, otam kimgadir yordam bermoqchi bo‘ldi va hayotimiz butunlay o‘zgarib ketdi. Bir do‘sti undan uyiga kafil bo‘lishni iltimos qildi va otam ishondi. Oxir oqibat, u odam qarzlarini to‘lamasdan, yo‘qolib qoldi. Bank esa, tabiiy-ki, otamga murojaat qildi. U endi ikki uy uchun pul to‘lash va oilani boqishi lozim bo‘lib qoldi. Hayotimiz og‘irlashib ketdi.

Foto: Getty Images

Esimda, dadam bilan ish qilayotgandik. Havo juda sovuq, yomg‘ir yog‘ardi. Men-ku, bir ikki soat ishlab, maktabga ketardim va u yerda isinib olishim mumkin edi, lekin otam kun bo‘yi o‘sha ochiq tom tagida turishga majbur edi. Agar ko‘mir sota olmasa, ovqat uchun pul qolmasdi. Shuningdek, yana shuni eslaymanki, bir kun hammasi yaxshi bo‘lishiga qattiq ishonardim.

Hammasi uchun futboldan minnatdorman. 

Ba'zida kichkina bezori bo‘lish ham foyda berarkan. Men futbol o‘ynashni juda erta boshlaganman. Hatto onam mening bu qadar tinib-tinchimasligimdan xavotir olib, shifokorga olib borgan ham. To‘rt yoshda edim o‘shanda.

«Katta bo‘lsang kim bo‘larkinsan? Futbolchimi?», – kulib so‘ragandi o‘shanda doktor amaki. Mening futbol faoliyatim ana shundan boshlangan.

Foto: Getty Images

Futbol jinnisi edim. Shu qadar ko‘p o‘ynardimki, har ikki oyda butsalarim yirtilib ketardi. Onam uni tikib, yelimlab charchamasdi, chunki yangisini sotib olishga pul yo‘q. Yetti yoshlarimda rostan ham, zo‘r o‘ynay boshlagan bo‘lsam kerak, mahalliy jamoa tarkibida o‘ynab, 64ta gol urganman. Hatto radiodan kelib, mendan intervyu ham olib ketishgandi.

O‘sha yili «Rosario Sentral»ning bolalar jamoasi murabbiyi kelib, otam bilan gaplashdi. Meni o‘z jamoasiga taklif qilmoqchi edi. Qiziq tomoni, otam «Nyuells Old Boyz»ning ashaddiy fanati. Onam esa «Rosario Sentral» muxlisasi. Agar siz Rosariodan bo‘lmasangiz, bu qarama-qarshilik qay darajada ekanini tasavvur ham qila olmaysiz. Hayot va mamot masalasiga o‘xshaydi. Har derbida otam va onam ovozlari yo‘qolguncha baqirishar, keyin esa, g‘olib taraf bir oy mag‘lubni kalaka qilardi.

Ana endi, «Sentral» murabbiyi meni chaqirganida, onamning hayajonini tasavvur qilishingiz mumkin. Otam esa, baxona topa boshladi – «Yaxshi, lekin bilmasam, u yer uzoq, to‘qqiz kilometr chiqadi, mashinamiz ham bo‘lmasa...»

«Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Xavotir olma. O‘zim bu bilan shug‘ullanaman. Muammo emas», – deb qichqirib yubordi onam.

Shu tariqa, Grasiela bizning yordamchimizga aylandi.

Foto: Getty Images

Grasiela – eski sariq velosiped, onam har kuni meni shunga o‘tkazib, mashg‘ulotga olib bora boshladi. Uning old tarafida savatcha uchun maxsus joy, orqasida esa, o‘tirib ketish mumkin edi. Singlimga ham qarash kerakligi uchun, dadam yon tomoniga ham o‘rindiq yasab berdi. Tasavvur qilib ko‘ring, bir ayol velosiped haydab ketyapti, orqada bolakay, yon tomonda bir qizchani o‘tirg‘izib olgan, oldindagi savatchada esa, sport kiyimlari va u–bu yegulik solingan sumka. Tepalik, pastlik, xavfli hududlar, yomg‘irda, sovuqda, qorong‘ida, farqi yo‘q, onam velosiped pedallarini aylantirishdan to‘xtamadi.

Aytishim kerakki, «Sentral»dagi vaqtim oson kechmagan. Agar onamning qat'iyati bo‘lmaganida, futbolni tashlab ham yuborardim, balki. Ikki marta, agar anig‘ini aytsam. 15 yoshimda jismoniy tomondan juda nimjon edim, murabbiyimiz esa, biroz tomi ketib qolgan edi. U ko‘proq qo‘pol, baquvvat futbolchilarga qiziqardi. Bir kuni yuqoridan kelgan to‘pga sakramaganim uchun, o‘yindan keyin hammani yig‘ib, menga tashlanib qoldi.

«Sen ojizsan. Hech narsaga erisha olmaydigan sharmandasan. Sen doim omadsiz bo‘lib qolaverasan», – deb baqira ketdi u.

Men tamom bo‘ldim. Hali gapini tugatmasidan, sheriklarimni oldida yig‘lab yubordim va yugurib, maydonni tark etdim.

Uyga keliboq, o‘z xonamga qamalib olib, yolg‘izlikda yig‘layverdim. Onam nimadir bo‘lganini tushundi. Chunki har kuni mashg‘ulotdan kelib, yana futbol o‘ynagani tashqariga yugurardim-da. Oyim oldimga kirib, nima bo‘lganini so‘radi. Rostini aytsam, onam velosipedida murabbiyimning oldiga borib, janjal ko‘tarishidan qo‘rqdim. Oyim juda xotirjam xarakterli edi, lekin agar kimdir bolalarini xafa qilsa bormi... Yo‘q, aslo...

Ko‘chada mushtlashdim, deb aytdim, lekin bu yolg‘onligini sezib turardilar. Shunda oyim barcha onalar qiladigan ishni qildi, jamoadoshlarimning birining oyisiga telefon qilib, nima bo‘lganini surishtira boshladi.

Foto: Getty Images

Oyim oldimga qaytib kirganlarida, men hali ham yig‘layotgandim va futbolni yig‘ishtirishimni aytdim. Ertasiga uydan chiqqim kelmadi, o‘zimni tahqirlangandek his qilayotgandim.

«Sen qaytasan, Anxel. Bugun futbolga qaytasan. Sen borib, nimalarga qodir ekaniningni o‘zing uchun isbotlashing kerak!», – dedi oyim.

O‘sha kun hech esimdan chiqmaydi. Mashg‘ulotlarga qaytsam, hech kim ustimdan kulmadi. Aksincha, menga yordam bera boshlashdi. Agar yuqoridan kelayotgan to‘pga sakramoqchi bo‘lsam, himoyachilar indamay qo‘yib berishardi. O‘sha kuni men o‘zimni yaxshi his qilishim uchun harakat qilishdi. Tushuning, futbol, ayniqsa, Janubiy Amerikada juda raqobatli o‘yin, hamma yaxshiroq hayotga ega bo‘lish uchun bir-biri bilan kurashadi. Shuning uchun ham bu kunni unutmayman, chunki, sheriklarim qiynalayotganimni sezib, menga madad bo‘lishga urinishgandi.

Men hali ham past bo‘yli, nimjongina bola edim. 16 yoshda ham «Sentral»ning asosiy tarkibida emasdim. Otam bundan xavotir ola boshladi.

«Senda uchta variant bor: men bilan ishga borishing, maktabni oxirigacha o‘qishing mumkin yoki yana bir yil futbolda o‘zingni sinab ko‘rasan. Agar eplay olmasang, men bilan ishlashni boshlaysan», – dedi dadam bir kuni ovqatlanib o‘tirganimizda.

Hech narsa deya olmadim, chunki vaziyat qiyinligini tushunib turardim, oilamizga pul kerak edi. Suhbatga onam aralashdi – «yana bir yil futbolga boradi». Yanvar oyi edi.

Dekabrga kelib, yilning oxirgi oyida nihoyat, «Rosario Sentral» tarkibida maydonga tushdim. Primerada. Shu kundan mening sport faoliyatim boshlandi.

Foto: Getty Images

Aslida esa, mana shu faoliyat uchun kurash ancha yildan beri davom etib kelgan. Yelimlangan butsalar, yomg‘ir ostida velosayohat... Professional futbolchiga aylanganimdan keyin ham, kurash davom etaverdi. Boshqa yo‘l yo‘q edi. Menimcha, Janubiy Amerikaning tashqarisidagilar buni to‘liq tushuna olishmaydi. Bu mashaqqatli yo‘ldan yurmay turib, his qilish qiyin.

Hech esimdan chiqmaydi, Libertadores Kubogida «Natsional»ga qarshi o‘ynash uchun Kolumbiyaga borishimiz kerak edi. Bizning samolyotda uchishlarimiz La Liga yoki APLdan farq qiladi. Hatto Buenos-Ayres bilan ham taqqoslash qiyin. O‘sha paytlarda Rosarioda xalqaro aeroport yo‘q edi. Kichik aeroportga kelib, qaysi samolyotni taklif qilishsa, shunga rozi bo‘lishga majbur edingiz. Ortiqcha savolga o‘rin yo‘q.

Kolumbiyaga ketish uchun o‘sha aeroportga bordik – katta, yuk tashiydigan samolyot turardi. Biz shunda uchishimiz kerak ekan. Nomi ham esimda – «Gerkules». Rampa tushgach, ishchilar matraslarni samolyotga yuklay boshladi. Biz ham chiqib, o‘tiramiz desak, «yo‘q, sizlar orqaga o‘tinglar» deb har birimizga katta xarbiy quloqchinlarni tarqatishdi. Qattiq ovozdan saqlash uchun. Hammamiz bir-birimizga qarar, tushunmasdik: «nima bo‘lyapti o‘zi?».

Xuddi shu alfozda Libertadores Kubogida o‘ynash uchun 8 soat uchishimizga to‘g‘ri keldi. Rampa yopilgach, hammayoq qorong‘i bo‘lib ketdi. Matraslarda cho‘zilib yotar, bir-birimizni arang eshitardik. Samolyot uchishni boshlagandi, hammamiz sudralib, samolyotning orqasiga borib qoldik, ishonasizmi? «Anovi qizil knopkaga yaqinlashmanglar, aks holda, eshik ochilib, hammamiz havoga uchamiz» deb baqirardi jamoadoshlarimdan biri.

Haligacha bu voqeani tabassum bilan eslayman. Argentinada, futbolchi bo‘lib qolishni istasang, nima qilish kerak bo‘lsa, barchasiga tayyor bo‘lishing kerak. O‘sha kuni qarshingda qanday samolyot, qanday sharoit bo‘lishidan qat'i nazar, sen unga o‘tirasan va norozilik bildirishga haqqing yo‘q.

Nihoyat, omading kelib, g‘olib chiqsang, qaytish chiptasi bo‘lmagan bir samolyotga o‘tirasan va... Men uchun bu imkoniyat Portugaliyaning «Benfika» jamoasi edi. Agar kimdir mening faoliyatim haqida o‘qib, «Ohho, «Benfika», keyin «Real», «Manchester Yunayted» va «PSJ», ajoyib karera-ku!» deyishi mumkin, hammasi ajoyib ko‘rinadi. Lekin bu davrda nimalarni boshdan kechirish mumkinligini his qilish mumkin emas.

«Benfika»ga kelganimda 19 yoshda edim va katta futbolda atigi ikki yillik tajribam bor edi, xolos. Otam ishini tashlab, men bilan Portugaliyaga kelgandi. U va onam o‘rtasida katta ummon bor edi endi. Ba'zida, uning telefonda onam bilan gaplashayotib, ko‘zi yoshlanganini ko‘rganman, bir-birlarini juda sog‘inishgandi. Ba'zida esa, bu transfer katta xatodek tuyular, asosiy tarkibda tushmaganim uchun qaytib ketish haqida ham o‘ylashni boshlardim.

2008 yildagi Olimpiada hayotimni butunlayga o‘zgartirib yubordi. «Benfika»da hamon asosiy tarkibda bo‘lmasam-da, Argentina meni o‘z safiga chorladi. Buni unutmayman – murabbiy menga Leo Messi bilan o‘ynash imkoniyatini taqdim etdi. O‘zga sayyoralik va daho futbolchi bilan. Umrim davomida futbol o‘ynab eng katta zavqni aynan Messi bilan birga o‘ynaganimda olganman. Mendan faqat ochiq zonaga yugurish talab etilardi xolos, u meni ko‘rib, to‘pni oyoqlarim ostiga aniq yetkazib berardi. Uning ko‘zlari meniki kabi ishlamaydi. U barcha odamlar kabi, atrofni ko‘zlari bilan kuzatishi mumkin, lekin maydonni xuddi tepasida uchayotgan qush kabi ko‘rardi. Men buni haligacha tushunmayman.

Foto: Getty Images

Biz birgalikda barcha yo‘lni bosib o‘tdik va bizni finalda Nigeriya kutib turardi. Menimcha, bu hayotimdagi eng ajoyib kunlardan biri bo‘lgan. O‘yindagi yagona golni urib, Argentinaga oltin medallarni taqdim etish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu holatni ifodalash qiyin.

Unutmang, men atigi 20 yoshdaman va hatto «Benfika»ning asosiy tarkibiga ham kira olmay yurgan paytim. Ota-onam ham bir-biridan uzoqda, Argentina tarkibga jalb qilmasdan oldingi holatim juda umidsiz edi. Ikki yil ichida esa, Olimpiada oltin medallarini qo‘lga kiritdim, «Benfika»ning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylanib, «Real»ga o‘tishga muvaffaq bo‘ldim.

Bu nafaqat men, balki oilam, yaqinlarim, shu paytgacha meni qo‘llab-quvvatlab kelgan barcha do‘stlarim uchun faxr tuyg‘usi edi. Aytishlaricha, otam ham futbolchi bo‘lgan, mendan ham yaxshi o‘ynagan, lekin yoshlikdagi jarohat tufayli, orzulari barbod bo‘lgan. Buvam esa, undan ham zo‘r futbol o‘ynagan, lekin temiryuldagi avariya tufayli ikki oyog‘ini yo‘qotgib, barcha umidlarini ko‘mishga majbur bo‘lgan ekan.

Mening orzularim ham bir necha bor chilparchin bo‘lish arafasida edi. Ammo...

Otam yoni ochiq tom tagida ishlashni to‘xtatmas, onam hamon velosiped minar, men esa, ochiq zonalarga yugurishni kanda qilmasdim. Bilmadim, taqdirga ishonasizmi, yo‘qmi, «Real» safida ilk golimni urganimda raqib jamoa qaysi edi, bilasizmi? «Erkules» (Gerkules)!

Ha juda uzoq va qiyin yo‘lni bosib o‘tdim.

Foto: Getty Images

Ana endi, nega janob Sabelyaning oldida yig‘lab yuborganimni tushungandirsiz? Men asabiylashmagandim. Hatto maydonga tushamanmi, yo‘qmi, buni ham o‘ylamaganman. Qo‘llarimni ko‘ksimga qo‘yib, shunchaki, orzularimiz ro‘yobga chiqishini istardim, xolos. Bizni mamlakatimiz tarixidagi afsonaviy futbolchilar sifatida eslashlarini xohlagandim. Biz juda yaqin edik...

Shuning uchun ham, matbuotdagi chiqishlar, menga qo‘yilgan ayblar juda qattiq ta'sir qilgandi. Ba'zida tanqid chegarani bilmaydi va bu noto‘g‘ri. Hammamiz ham insonmiz va hayotimizda boshqalarga ma'lum bo‘lmagan nimadirlar sodir bo‘ladi.

Saralash o‘yinlari yakunlanish arafasida men ruhshunosga qatnay boshlagandim. Og‘ir davrlarni boshdan kechirar, xayolimda turli o‘ylar g‘ujg‘on urardi. Bunday paytlarda, odatda oilamga suyanaman, ammo bu safar terma jamoaga bo‘lgan bosim haddan tashqari baland edi. Ruhshunos menga yordam berdi va so‘nggi o‘yinlarni ancha erkin va xotirjam o‘tkazgandim. Men o‘zimga dunyoning eng kuchli jamoalaridan birida o‘ynashimni, o‘zim ulg‘aygan terma jamoa a'zosi ekanimni yana bir bor eslatdim. Ba'zida mana shunday oddiy narsalar ham futboldan qayta zavq olishda yordam beradi.

Bugungi kunda Instagram yoki YouTube’da o‘tirib olib, o‘yinlarning natijasiga qarab, xulosa qilishadi. Bu futbolchilar uchun nima ekani, qanday sinovlarni boshimizdan kechirishimiz haqida o‘ylab ham o‘tirishmaydi.

Ular mana, men Chempionlar Ligasida qizchamni ko‘tarib turganimni ko‘rishadi. Men tabassum qilyapman, demak hammasi ajoyib. Ammo ular bu qizchamning vaqtidan ilgari tug‘ilib qolgani, ikki oy kasalxonada yotib, hayot uchun kurashganidan xabarlari yo‘q.

Balki, finaldan so‘ng yig‘lab turgan rasmimni ko‘rib, g‘alaba tufayli yig‘layapti, deb o‘ylashar, ammo aslida, qizimning yonimda emasligidan, shunday quvonchli kunda uni erkalay olmasligimdan yig‘layotgan bo‘laman. 

Ular Jahon Chempionati finalini tomosha qilishadi va faqat hisobni ko‘rishadi.

0:1.

Biz bu yerga kelish uchun qanday kurashlarni boshdan kechirganimizni tushunishmaydi.

Uydagi devorimiz rangi oqdan qanday qilib, qorayib ketganini bilishmaydi.

Otamning ochiq ayvon tagida ko‘mirchilik qilganini bilishmaydi.

Onam yomg‘ir ostida velosipedda meni mashg‘ulotga tashiganini bilishmaydi.

Gerkules haqida ham bilishmaydi...

Anxel Di Mariya

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top