10:54 / 21.02.2020
0
4257

Davlat organlari rahbarlarining hisoboti TV orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda berib borilishi mumkin

Davlat boshqaruvi va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobotlarini ommaviy axborot vositalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga berib borilishi taklif etilmoqda

Foto: Depositphotos

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida davlat boshqaruvi va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobotlarini ommaviy axborot vositalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga berib borilishi haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda televideniye kanallari soni ortib bormoqda, ammo aksariyat kanallarda faqatgina ko‘ngilochar dasturlar va yutuqli o‘yinlar haqidagi ko‘rsatuvlar, xorij seriallari urfga aylandi.

“Hayot faqat o‘yin-kulgidan iborat emas-ku, bu haqida qancha kuyinib gapirsak ham e'tirozimiz tugamaydi.

Ammo, barcha soha vazirlarining har oylik hisobotlari hamda Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqilayotgan qonunlar va qarorlar loyihalari ommaviy axborot vositalari efirlarida to‘liq (jonli efirda) berib borilmaydi. 

Shuning uchun barcha davlat boshqaruvi va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining amalga oshirgan ishlari yakunlari xamda kelgusidagi rejalari haqida Oliy Majlis palatalarida beriladigan hisobotlarini ommaviy axborot vositalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish kerak”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Ta'kidlanishicha, hisobotlarni barcha davlat boshqaruvi va xo‘jalik boshqaruvi organlarining shaxsan birinchi rahbarlarining o‘zi berishi shart. Davlat rahbari ishonib rahbar etib tayinlagan xodim qanday ishlarni amalga oshirayotgani, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan faoliyati haqida xalqni xabardor etib borishi zarur.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, xalq deputatlari mahalliy kengashlari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi rahbarlarning beradigan hisobotlarini ommaviy axborot vositalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatib borish amaliyotini joriy etishni taklif qilamiz”, - deya yakunlangan petitsiya.

Bundan oldin, hokimlarning telekanallar orqali xalqqa har chorakda hisobot berish tartibi joriy etilishi mumkin ekani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top