12:18 / 21.02.2020
0
11800

Janubiy Koreyaning ikkita shahri koronavirus sababli alohida nazoratga olindi

Foto: EPA-EFE

Janubiy Koreyada 2,4 mln kishilik Tegu va 50 ming kishilik Chxondo shaharlari “alohida e'tibordagi hududlar” deb e'lon qilindi. Bunga ushbu shaharlarda koronavirusdan kasallanish holatlari soni keskin oshib ketgani sabab bo‘lgan. 

“Hukumat koronavirusdan kasallanish holatlari soni keskin oshib ketgani sababli Tegu va Chxondo shaharlarini alohida e'tibordagi shaharlar deb e'lon qilib, maxsus choralar ko‘rmoqda”, deb ma'lum qilgan Janubiy Koreya bosh vaziri Chon Se Gyun hukumatning koronavirusga bag‘ishlangan yig‘ilishida.

Bosh vazirning ta'kidlashicha, hukumat koronavirus tarqalishining mahalliy darajada oldini olishga e'tiborni kuchaytiradi. U, shuningdek, virusga qarshi kurashga barcha kuchlar safarbar qilinishiga va'da bergan. 

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, Janubiy Koreyaning Cheju orolidagi harbiy bazada bir dengizchida koronavirus aniqlangan. U bundan avval ona shahri Teguda bir haftacha bo‘lgan va shundan keyin bazaga qaytgan. U virusga qanday chalingani hozircha noma'lumligicha qolmoqda.

Shu sababli Janubiy Koreya mudofaa vazirligi barcha harbiylarga 22 fevraldan boshlab o‘z bazasidan tashqarida dam olish va bo‘lishni taqiqlagan.   

Seul 21 fevralda koronavirusdan 52 ta yangi kasallanish holati qayd qilingani, mamlakatda kasallanganlarning umumiy soni 156 nafarga yetganini ma'lum qildi.  

Oxirgi kunlarda Janubiy Koreyaning Tegu shahri va unga qo‘shni Shimoliy Kensan viloyatida koronavirusdan kasallanish holatlari soni keskin ko‘paygani qayd qilinmoqda. Bu holat koronavirusga chalingan bir kishi mingga yaqin odam yig‘ilgan cherkovga tashrif buyurgandan keyin kuzatilmoqda.

Avvalroq Janubiy Koreyada koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilgani tasdiqlangandi.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top