14:55 / 25.02.2020
4
17637

81ta daraxt kesilgan hududni quruvchiga berishda amaldagi tartibga rioya qilinmagani ma'lum bo‘ldi

Yer uchastkasini ajratishda kadastr va yong‘in xavfsizligi organlari, «ToshkentboshplanLITI» instituti va tegishli komissiya bilan kelishilmagan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

21 fevral kuni Toshkent shahridagi mahallalardan birida 81 tup ko‘p yillik daraxt quruvchi kompaniya tomonidan noqonuniy kesib tashlangan edi.

Natijada Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari va «BUILDING AND SUPPLIES» MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tuman prokuroriga hayfsan berildi.

Oliy sudning Sud amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish boshqarmasi bosh konsultanti Nuriddin Murodov bu vaziyatning kelib chiqish tarixi haqida Kun.uz`ga ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 16 apreldagi 608-sonli qarori bilan, «BUILDING AND SUPPLIES» MChJga Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy mahallasi 72, 66/4, 66/2, 66/1-uylar oralig‘ida ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish uchun 0,5 gektar yer maydoni ajratilgan.

Bu qarorni bekor qilish haqida Toshkent shahar prokurori tomonidan 2018 yil 4 iyulda Toshkent shahar hokimi nomiga protest kiritilgan.

Protestda hokim qarori Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 fevraldagi 54-sonli hamda 2008 yil 31 dekabrdagi 2925-sonli qarorlari talablariga rioya qilinmagan holda, ya'ni yer ajratish bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahrida joylashgan yer uchastkalarini berish amaliyotini o‘rganish bo‘yicha Komissiyaga yuborilmagani va kelishilmagani ko‘rsatilgan.

Shu asosda, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 7 iyuldagi 1053-sonli qarori bilan (J.Ortiqxo‘jayev) shahar hokimining 2018 yil 16 apreldagi 608-sonli qarori (R.Usmonov) bekor qilingan.

Birinchi ish

Bu qarordan norozi bo‘lib, «BUILDING AND SUPPLIES» MChJ sudga shikoyat bilan murojaat qilgan.

Bektemir tuman ma'muriy sudining 2018 yil 12 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan shikoyat qanoatlantirilib, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 7 iyuldagi 1053-sonli qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Sudning bu qaroridan norozi bo‘lib, fuqarolar O.Pyanovskaya, O.Belkina, M.Sabirova, Z.Mavridi (nizoli yer uchastkasida ularning garajlari bo‘lgan) kassatsiya shikoyati bergan.

Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 18 sentyabrdagi ajrimi bilan fuqarolar sud qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish vakolatiga ega emasligi sababli ish yuritish tugatilgan.

Bu holatda, Toshkent shahrida joylashgan yer uchastkalarini berish amaliyotini o‘rganish bo‘yicha Komissiya, hokimlik yoki bo‘lmasa, Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi murojaat qilganida, o‘shanda hokim qarorini haqiqiy emas deb topish mumkin edi.

Ikkinchi ish

Fuqarolar O.Pyanovskaya, O.Belkina, M.Sabirova Toshkent shahar hokimining 2018 yil 16 apreldagi 608-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish haqida sudga ariza bilan murojaat qilgan.

Chilonzor tuman ma'muriy sudining 2019 yil 11 dekabrdagi hal qiluv qarori bilan arizachilarning talabi rad etilgan.

Toshkent shahar ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2020 yil 27 yanvardagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Foto: Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Toshkent shahar hokimining 2018 yil 16 apreldagi 608-sonli qarorini chiqarish paytida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar:

1. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 iyulga qadar amalda bo‘lgan, 2013 yil 25 fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida yer uchastkalari berish, qurilish obektlarini loyihalashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek obektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 14-bandiga asosan, yer uchastkasini joylashtirish plani kimlar bilan kelishilishi lozimligi belgilangan.

Nizoli hokim qarorini chiqarish paytida esa, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati, Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, «ToshkentboshplanLITI» instituti bilan kelishilmagan.

2. Mazkur Nizomning 22-bandiga zid ravishda, nizoli yer uchastkasini ajratish materiallari Toshkent shahrida joylashgan yer uchastkalarini berish amaliyotini o‘rganish bo‘yicha Komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmagan va bu komissiya bilan kelishilmagan.

Sudlarning arizachilar talabini rad qilish asoslari

Arizachilar O.Pyanovskaya, O.Belkina, M.Sabirova o‘z talablarida nizoli hokim qarorini haqiqiy emas deb topish asosi sifatida hokim qarori yuqorida qayd etilgan Nizom talablariga rioya qilinmagan holda chiqarilganini ma'lum qilganlar.

Lekin, sudda nizoli hokim qarori arizachilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid ravishda chiqarilgani o‘z isbotini topmagani sababli ariza rad qilingan.

Arizachilar o‘zlarining arizasida keltirilgan asos bo‘yicha ular emas, balki yuqorida qayd etilgan Komissiya yoki bo‘lmasa, Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi murojaat qilganda, o‘shanda hokim qarorini haqiqiy emas deb topish mumkin bo‘ladi.

Sud qarorlari ustidan Oliy sudga shikoyat kelib tushmagan.

Xulosa

Oliy sud boshqarmasi bosh konsultanti holat yuzasidan o‘z fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.

«Agar, Toshkent shahrida joylashgan yer uchastkalarini berish amaliyotini o‘rganish bo‘yicha Komissiya, hokimlik  yoki bo‘lmasa, Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi sudga murojaat qilganda, o‘shanda hokim qarorini haqiqiy emas deb topish mumkin edi.

O‘shanda bunday salbiy holatlar ham kuzatilmasdi.

Toshkent shahar prokurori esa, ishonchni oqlay olmagani uchun poytaxtning har bir tumanida milliontadan daraxt ko‘chati ekishni va'da qilmasdi.

Bir o‘ylab ko‘ring, haqli savollar tug‘iladi. Birgina shahar hududi uchun shuncha (11 millionta) ko‘chat qayerdan va qaysi pulga olinadi?

O‘zi shusiz ham shaharda yer, suv tanqis, ekishga joy masalasi va mablag‘ uchun yana qancha tadbirkor «homiy» bo‘ladi? Prokuraturaning ishi daraxt ekishmi? Undan ko‘ra, qonunlar ijrosi ustidan shaffof va tizimli nazorat o‘rnatib, o‘z faoliyati bilan shug‘ullanishi kerak emasmi?

Tashkent City qurilishida qancha daraxt kesildi, bir xil qarash va qonun ustuvorligi qachon ta'minlanadi? Qog‘ozlarda va quruq gaplarda qolib ketayotgan tadbirkorning manfaati qachon kafolatlanadi? Nima uchun faqat tadbirkor balogardon bo‘lishi kerak?

Qachon siyosiy va ma'muriy tizim o‘rniga qonun ustuvorligi tamoyiliga o‘tamiz? Qachongacha asl huquqbuzarlar qolib, qonunni chetlab qaror qilganlarni javobgar qilmay «lakirovka» qilib yuramiz? Qachongacha amaldorlarimizning sa'y-harakati bilan «Adolat» qaror topdi deyishdan, masala qonunan o‘z vaqtida hal etildi deyishga qachon o‘tamiz?

Xulosa qilib aytish mumkinki, bu boradagi islohotlarimiz shaxslar (shu jumladan, hokimlar) o‘zgarishiga bog‘lanib qolib, yer ajratish masalasi faqatgina qonunga asoslanadi degan tamoyil to‘liq amalga tatbiq qilinmas ekan, bu kabi holatlar ko‘zatilaveradi.

Yana bir gap. Dov-daraxtlarni kesishga moratoriy e'lon qilingan paytda, tadbirkor ham yer meniki deb daraxtlarni kesmasligi, hokim o‘rinbosari esa bunga ruxsat xati bermasligi lozim edi.

O‘z o‘rnida, tadbirkor tovon to‘lashiga sabab ham aynan biz yuqorida aytgandek tadbirkorning qonun hujjatlarini birlamchi, deb emas, ayrim topshiriq beruvchi rahbarlarga ishonchni ustun qo‘yganidan kelib chiqqan.

Shuning uchun ham qonunlarimizga hurmat har birimizni ong-u shuurimizda bo‘lsin», – deya munosabat bildirdi Nuriddin Murodov.

Eslatib o‘tamiz, Yakkasaroy tumanidagi mahallada 81 tup daraxt kesilishi bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilib, hokimlik va MChJ mansabdorlaridan 1,9 milliard so‘mga yaqin tovon undirildi. Noqonuniy kesilgan dov-daraxtlar o‘rniga to‘rt xil turdagi daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top