08:12 / 26.02.2020
4
17361

Andijon viloyatidagi sement zavodi faoliyati havoni ifloslantirgani uchun to‘xtatildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasi Andijon viloyatida joylashgan “SING LIDA» MChJga tegishli sement zavodi ishini to‘xtatdi. Bunga esa zavod tomonidan atrof-muhitga yetkazilayotgan ziyon sabab bo‘lgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati

Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.

So‘nggi oylarda qo‘mitaga aholi, jamoatchilik tashkilotlari tomonidan atrof-muhitga zararli tashlamalar tashlayotgan yirik sement ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yuzasidan shikoyat va murojaatlar kelib tushmoqda. 

Qo‘mita tomonidan 2020 yil 12-21 fevral kunlari Andijon viloyati Asaka tumanida joylashgan «SING LIDA» MChJ QK faoliyatida tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va me'yoriy-huquqiy hujjatlar talablari ijrosining ta'minlanishi yuzasidan tekshirish o‘tkazildi.

Tekshirish davrida korxonaning klinker tayyorlash pechining ishlash jarayonida siklonlarning bir nechta joyida tuynuklar mavjudligi, o‘z navbatida ifloslantiruvchi moddalarning mazkur tuynuklardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri atmosfera havosiga tashlanayotganligi;

klinker tayyorlash pechidagi ifloslantiruvchi moddalarni tashlash 1- va 2-manbalardagi chang tozalash uskunasining samaradorligini o‘lchash uchun laboratoriya tahlillari o‘tkazilganida, 1-manbadagi sement changini ushlash qurilmasining samaradorligi 53,1 foiz (loyiha bo‘yicha 99,9 foizni tashkil qilishi kerak), 2-manbadagi chang ushlash qurilmasining samaradorligi 60,7 foiz (loyiha bo‘yicha 99,9 foiz) ni tashkil etib, changlarni ushlab qolish samaradorligi past darajada ekanligi aniqlangan.

Yuqoridagi holatlarda O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlari talablari buzilgan.

Aniqlangan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish, atrof-muhitga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish maqsadida jamiyat balansida mavjud bo‘lgan, bugungi kunda ekologik talablarga javob bermaydigan holatda ishlab turgan klinker tayyorlash pechi va sement tayyorlash tegirmoni uskunalarining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi va bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2018 yil 22 noyabrdagi 949-son qaroriga ko‘ra sement ishlab chiqarish korxonalari atrof-muhitga ta'sir ko‘rsatishning I toifasiga mansub (yuqori darajali xavfli) faoliyat turi deb belgilangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top