17:27 / 26.02.2020
0
10532

Koronavirus tufayli Turkmaniston fuqarolariga xorijga chiqish taqiqlandi

Foto: Xronika Turkmenistana

25 fevral kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov COVID-19 koronavirusini mamlakatga kirishining oldini olishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazdi. «Xroniki Turkmenistana» xabariga ko‘ra, unda davlat rahbari xorijga chiqayotgan fuqarolarni nazorat qilish haqida topshiriq bergan. 

Yig‘ilishdan keyin Ashxobod aeroportida mahalliy fuqarolarni xalqaro reyslardan tushirib qoldirish boshlangan. Natijada, chiptalarni qaytarish istagida bo‘lgan yuzlab odamlardan iborat navbatlar yuzaga kelgan.

Ayni paytda «Turkmenhowayollary» aviakompaniyasi Istanbul va Anqaraga reyslarni bekor qilgan. Biroq «Turk Hava Yolları» Istanbul – Ashxobod yo‘nalishidagi parvozlarni davom ettirmoqda va faqat xorij fuqarolariga xizmat ko‘rsatmoqda.

Ashxobod xalqaro aeroportida xorijdan kelgan yo‘lovchilarni shifokorlar kutib olmoqda va maxsus uskunalar yordamida haroratini o‘lchamoqda. Bundan tashqari, dezinfektorlar, FVV va tez yordam mashinalari navbatchiligi tashkil qilingan. 

Avvalroq Turkmaniston koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida qo‘shni Eron bilan chegarani yopgan edi. 

Qayd qilish joizki, Turkmaniston hukumati xabariga ko‘ra, mamlakatda COVID-19 bilan xastalangan bemorlar yo‘q.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top