10:26 / 26.02.2020
8
57766

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘aybulla Hojiyev olamdan o‘tdi

O‘zbek dublyajining eng yorqin vakillaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘aybulla Hojiyev 64 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekkino» xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekkino

Taniqli kino, teatr va dublyaj aktyori 1956 yilda Buxoroda tug‘ilgan. 1973-77 yillarda Toshkent davlat San'at institutida tahsil olgan. 

1976 yilda Abror Hidoyatov teatrida ish boshlagan. 1987 yildan Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik teatrida faoliyatini boshlagan. 

Aktyor shoir Azim Suyunning «Sarbadorlar» asarida Abu Bakr Kalaviy, Abdulla Oripovning «Sohibqiron» asarida Xoja Ahmad Yassaviy, Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» spektaklida Solih maxdum, Ibrohim Sodiqovning «Afandining besh xotini» spektaklida Afandi, Hayitmat Rasulning «Piri koinot» spektaklida Ahmad Farg‘oniy, Shekspirning «Qirol Lir» asarida graf Gloster, Aleksandr Kosanoning «Yetti faryod» spektaklida Sabalo kabi o‘nlab rang-barang rollar ijro etgan. 

Og‘ir xastalik tufayli teatrdan ketishga majbur bo‘lgan. Ammo, ijoddan to‘xtamay, turli tele va radio loyihalarda muntazam ishtirok etgan.

G‘aybulla Hojiyev «Uqubat», «Shabbona», «Umid», «Oqpadar» kabi ko‘plab filmlarda turli rollarni ijro etgan,  Aktyor «Shaytanat» teleserialida Ahmadbey rolini o‘ynagan.

G‘aybulla Hojiyev dublyaj sohasida ham samarali mehnat qilgan bo‘lib, aktyor ovoz bergan qahramonlar xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan.

Kun.uz marhumning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga chuqur ta'ziya bildiradi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top