12:28 / 28.02.2020
0
4672

22 mart mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilanmoqda

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri. Qonun bilan 22 mart O‘zbekistonda mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilash taklif qilindi.

Foto: KUN.UZ

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Feruza Eshmatova O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 18 fevralda qabul qilingan “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganini ma'lum qildi. Mazkur qonun bilan O‘zbekistonda 22 mart mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilanmoqda.

Senatorlar Sharap Usnatdinov, Minhojiddin Hojimatov so‘zga chiqib, mahalla O‘zbekistonning boy tarixi bilan chambarchas bog‘liq o‘ziga xos institut ekani, jamiyatda aholi osoyishtaligini va qonun ustuvorligini ta'minlash, ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishda mahalla institutining roli kattaligini ta'kidlashdi. Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatda mahalla instituti va mahalla tizimi xodimlarining obro‘si hamda mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilgan edi.

Farmon bilan Xotin-qizlar qo‘mitalari raisi, bosh vazir o‘rinbosari, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, tegishli hokim o‘rinbosarlari sanalgan xotin-qizlar qo‘mitalari raisi lavozimlari, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) bo‘limlari tugatildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top