15:00 / 28.02.2020
0
4371

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bor-yo‘g‘i 3 foiziga xizmat ko‘rsatilmoqda – Senat

Senatorlar tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar.

Foto: RIA Novosti

Mazkur tashabbus Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu masalada parlament so‘rovi yuborish zarurati haqida ma'lumot berish uchun qo‘mita a'zosi Ravshan Qurbonov so‘zga chiqdi.

“Bugungi kunda 732 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar [bor]. Ularga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida 349 nafar vrach ekspertlar xizmat kelib kelmoqda. Keyingi 3 yilda ularga 105 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. So‘nggi 3 yilda nogironlar soni uch barobarga ko‘paygan. Bular asosan, onkologik kasalliklardan 4 mingdan 7,5 minggacha, endokrin kasalliklaridan 1 ming 6 yuzdan qariyb 4 yarim minggacha, ruhiy asab kasalliklaridan 5 mingdan 20 minggacha oshgan.

2017-2019 yillarda TMEKlarga jami 622,2 ming nafar fuqaro nogironlik holatini belgilash yuzasidan murojaat qilgan, ularning 19 ming nafariga, ya'ni 3 foiziga yetarli asoslar mavjud bo‘lmaganligi sababli nogironlik belgilanmagan”, - dedi Ravshan Qurbonov.

U sohadagi qator muammolarni sanab o‘tdi.

Birinchidan, fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarining tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar soni so‘nggi uch yilda 9 foizga oshgan.

Nogironlik profilaktikasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy va kasb bo‘yicha reabilitatsiya qilish bo‘yicha yaqin, o‘rta yoki uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi bunday shaxslarni tibbiy-ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratishga to‘sqinlik qilmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. 

Hozirgi vaqtda Buxoro, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari mavjud emasligi oqibatida aksariyat talab boshqa hududdagi, ayniqsa, respublika milliy markaziga tushmoqda.   

Qonunchilikda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida ambulator sharoitda reabilitatsiya choralarini o‘tkazish belgilanmaganligi sababli yil davomida 22 ming nafar fuqaroga, ya'ni jami nogironligi bo‘lgan shaxslarning bor yo‘g‘i 3 foiziga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Ikkinchidan, tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini tartibga soladigan yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. 

Bugungi kunda tibbiy-mehnat ekspertiza faoliyati faqat qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinmoqda.

Shu munosabat bilan ushbu parlament so‘rovini yo‘llash zarurati paydo bo‘ldi. Mazkur masala bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top