10:34 / 28.02.2020
3
7773

Norboyeva: «Islohotlarning eng og‘ir yo‘nalishi – kambag‘allikni bartaraf etish»

Tanzila Norboyeva mamlakatdagi kambag‘allikni islohotlarning eng og‘ir yo‘nalishi sifatida qayd etdi

Foto: KUN.UZ

Ayni damda Senatning ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlisni ochib bergan Senat raisi Tanzila Norboyeva mamlakatdagi kambag‘allik masalasiga to‘xtalib o‘tdi. 

“O‘zbekiston tarixida ilk marotaba mamlakatdagi kambag‘allik muammosi ochiq tan olindi. 4-5 mln aholi kambag‘allikda yashamoqda. Davlat rahbari ham bu masala o‘zlarini qiynashini ta'kidladilar. “Odamlarning hayotiy ehtiyojlari uchun yetarli mablag‘ bormi, ovqatlanishi, farzandlarining ta'limi, davolanish uchun yetarli mablag‘ga egami, degan savol meni qiynaydi”, deb aytdilar. Shu bois kambag‘allikni kamaytirish masalasi senatorlarga yuklatilgan eng asosiy vazifa hisoblanadi. Bu masalada senatorlar asosiy tashkilotchi bo‘lishi kerak”, deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tanzila Norboyeva mamlakatdagi kambag‘allik islohotlarning eng og‘ir yo‘nalishi ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

“Xalqimiz oriyatli, kambag‘allikni boshdan kechirsa ham, birovga bildirmaydi. Ularga yordam berish kerak. Davlat tomonidan buning uchun katta mablag‘ ajratiladi, ularni to‘g‘ri yo‘nalishda sarflash, joriy yil oxiriga qadar kambag‘al qatlamning hayotini qulaylashtirish, kambag‘allik darajasini qisqartirish masalasi turibdi. Barcha senatorlar mahalliy kengash deputati sifatida o‘z hududidagi kambag‘al oilalarning ro‘yxatini tuzib, ularning sha'nini himoya qilgan holda, tadbirkorlikka o‘qitish masalasini ko‘rib chiqish kerak”, deydi u.

Norboyevaning qo‘shimcha qilishicha, kambag‘allikni kamaytirish masalasi bo‘yicha ijro organlari rahbarlarining hisoboti Senatda davomiy tinglab boriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top