13:58 / 28.02.2020
1
14895

Senatda prezident farmonini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi

Toshkent shahrida Senat yalpi majlisi davom etmoqda.

Foto: KUN.UZ

Senat a'zolari O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini tasdiqlash masalasini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 8-moddasiga muvofiq vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tashkil etish va tugatish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmonlarini tasdiqlash parlament yuqori palatasining vakolatlariga kiradi.

Mazkur Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligini, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida vazirlikning bo‘linmalarini tashkil etish nazarda tutilayotganligi sababli Farmon parlament a'zolari tomonidan ko‘rib chiqildi.

Bu hujjat ijtimoiy sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilganligi hamda mahalla va oila institutini mustahkamlashga ko‘maklashishi ta'kidlandi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top